Bugun Yaponiya imperatori Naruxito rafiqasi Masako bilan birga Buyuk Britaniyaga bir haftalik tashrifini boshladi, deya xabar berdi “Reyters”. Juftlik o‘tgan asr 80-yillari xotiralari bilan bog‘liq Oksford universitetiga boradi, so‘ngra qirol Charlz III bilan rasmiy ziyofatda ishtirok etadi.
Safar dasturiga ko‘ra, 25 iyun kuni Bukingem saroyida gala-konsert bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Naruxito va Masako qirolicha Yelizaveta II (1926-2022) va Edinburg shahzodasi Filipp (1921-2021)ning Vindzor kapellasidagi qabriga gulchambar qo‘yish marosimida ishtirok etadi.
Yaponiya tashqi ishlar vazirligi rasmiysi tashrif vaqti Britaniya parlamentiga saylov kampaniyasiga to‘g‘ri kelgani uchun Bosh vazir Rishi Sunak bilan uchrashuvning iloji yo‘qligini ma’lum qildi.
– Imperator oilasi 2020 yil, Qirolicha Yelizaveta hayotligida amalga oshirishi kerak bo‘lgan ushbu safar pandemiya tufayli qoldirilgan, – deyiladi xabarda.
Davlat tashrifi oldidan 64 yoshli Naruxito 1980-yillar boshida Britaniyaga o‘qish uchun kelganda qirollik a’zolarining unga ko‘rsatgan mehri haqida gapirdi:
– Marhum qirolicha va qirollik xonadoni tomonidan ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik, o‘zimni shu oila a’zosidek his qilganim haqida yaxshi xotiralar bor, – dedi imperator Tokioda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Tashrifning rasmiy maqsadi sifatida esa ikki oliy martabali oila o‘rtasidagi uzoq muddatli aloqani yana bir bor ta’kidlash, Yaponiya va Britaniya munosabatini kengaytirish ko‘rsatilgan.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA