Toshkentda 17 dekabr kuni Yaponiya hukumatining “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida grant shartnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yaponiya elchixonasi va Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi huzuridagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internat o‘rtasida qiymati 41 ming 270 AQSH dollarlik grant shartnomasi imzolanadi. Mazkur mablag‘ ta’lim maskanini o‘quv uskunalari bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi natijasida O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi, – dedi Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fudjiyama. – Joriy yil pandemiya sharoitiga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar almashuvlar faol davom ettirildi.
O‘tgan yillar mobaynida Yaponiya hukumati tomonidan O‘zbekistonda kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam doirasida ko‘plab loyihalar hayotga joriy qilindi. Dastur doirasida 1995 yildan to hozirgi kungacha mamlakatimizda tibbiyot va ta’lim muassasalari, mahalliy hokimiyat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari uchun 28 million 547 ming AQSH dollaridan ortiq 399 ta loyiha amalga oshirilgan.
Tadbirda mazkur grant mablag‘lari O‘zbekistonda katta shaharlar bilan hududlar o‘rtasida ta’lim va tibbiyot sohasidagi tafovutni yo‘qotishga yordam berishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, kelasi yilda ham ushbu yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA