Yaponiya Mudofaa vazirligi Xitoyning harbiy harakatlari keskin kuchayganini tanqid qilib, bu holatni mamlakat xavfsizligi uchun eng yirik strategik tahdid sifatida baholadi. Bugun vazirlik bu haqdagi harbiy hisobotini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etdi.
“Politico” nashriga ko‘ra, XXRning Tinch okeani va Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi faoliyati, Rossiya bilan birgalikdagi harbiy mashg‘ulotlari, shuningdek, Tayvan atrofidagi keskinlik va Shimoliy Koreya mintaqa xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.

Xususan, Xitoy kemalari Yaponiyaga yaqin hududlarda ancha faollashgan. Rasmiy Tokio Tayvan atrofida mojarolar kuchayishidan xavotirlanib, janubiy orollarda harbiy salohiyatini oshirmoqda. Shu munosabat bilan uzoq masofali raketalarni joylashtirish va qo‘shimcha sinovlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hisobotda Shimoliy Koreya tomonidan havo raketalari ishlab chiqilishi bevosita va jiddiy tahdid sifatida ko‘rsatilgan. RFning Yaponiyaga yaqin hududlarda davom etayotgan harbiy faolligi ham xavotirli omillardan biri sifatida tilga olingan.
Musulmon Ziyo, O‘zA