Yaponiya Qishloq, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilik vazirligi Eksport va xalqaro aloqalar byurosi bosh direktori Masayoshi Mizuno boshchiligidagi biznes vakillaridan iborat delegatsiya Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Mehmonlar dastlab Kogon tumanidagi hunarmand, miniatyurachi rassom Davron Toshovning miniatyura va tabiiy Buxoro qog‘ozi ishlab chiqarish maktabi faoliyati bilan tanishdi. Tabiiy usulda qo‘lda qog‘oz ishlab chiqarish va rassomchilikning miniatyura san’ati turi hamda o‘zbek hunarmandchiligining ko‘p qirrali yo‘nalishlari ularni qiziqtirdi.
Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amrillo Nazarov va “Buxoro-agro” EIZ direksiyasi direktori Furqat Tilloyev bilan uchrashuvda viloyat qishloq xo‘jaligi sohasining istiqbolli yo‘nalishlari, davlatimiz va hukumatimiz tomonidan qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar, chet el investorlari va mahalliy tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi..
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar “Buxoro-agro” EIZ hududidagi Turkiya davlati bilan hamkorlikda tashkil etilgan “BUKHARA VARNET” MCHJ xorijiy korxonasining ko‘p tarmoqli issiqxona klasteriga tashrif buyurdi.
Klasterda tashkil qilingan “Agronomlar o‘qitish maktabi”, invitro (hujayradan nihol ko‘chatlari yetishtirish) laboratoriyasi, botanika bog‘i va tajriba maydonlarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda issiqxona qurilishi konstruksiyalari bilan tanishildi.
[gallery-17954]
Mehmonlar Buxoro davlat universitetida Agronomiya va biotexnologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan muloqot qildi. Universitetda qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, meva-sabzavotchilik yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, universitetda tashkil etilgan ilmiy-nazariy ko‘rgazma mehmonlarlarga katta qiziqish uyg‘otdi. Professor-o‘qituvchilar bilan fikr almashildi va kelajakda hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olindi.
Delegatsiya O‘zbek-Yapon markazining Buxoro filialida ham bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari