Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yaponiya bilan oliy ta’lim sohasida yana bir Grant shartnomasi imzolandi
17:50 / 2025-08-27

Bugun Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Xatori Takashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida kun chiqar yurt hukumatining beg‘araz yordam dasturi doirasida jami 422 million iyen – taxminan 2.8 million dollar qiymatga teng Almashinuv notalari imzolandi.

Mazkur kelishuv “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiya taqdim etish” dasturi asosida mamlakatimiz davlat idoralarining yosh xodimlari Yaponiyada tahsil olishini ta’minlaydi. Shuningdek, vazirimiz JISA – Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumi loyiha bo‘yicha Grant shartnomasini imzoladi.

2026 yil davomida yosh davlat xizmatchilaridan 18 nafari yapon universitetlarida 2 yillik magistratura, 1 nafari 3 yillik doktorantura bosqichida ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi. Buning natijasida yosh kadrlarimiz mamlakat rivoji va taraqqiyoti uchun zarur mutaxassislik bilimlarini egallab, jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishi kutilyapti. Umuman, turli soha va yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan bunday loyihalar Yaponiya va O‘zbekiston munosabatlarini chuqurlashtirish, mavjud do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi tayin.

Ma’lumki, 2022 yil dekabr oyida Tokioda “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti doirasida Tashqi ishlar vazirlari 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. O‘sha muzokaralar davomida erkin va ochiq Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotga erishish uchun “Insonga sarmoya kiritish” hamda “O‘sish sifati”ga asoslangan yangi hamkorlik modelini rivojlantirishga qaratilgan rejalar ilgari surilgan edi. Mazkur dastur ushbu ikki yo‘nalish doirasidagi loyihalar maqsadini o‘zida mujassam etgan.

Yaponiya hukumati O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash va ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatni muntazam davom ettirish niyatida.

G‘.Xonnazarov, O‘zA