O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi bilan uchrashdi.
Muloqotda siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar sohalardagi muloqotni faollashtirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Barqaror va uzoq muddatli xususiyati bilan ajralib turadigan O‘zbekiston - Yaponiya hamkorligi yildan-yilga kengayib borayotgani ta’kidlandi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabat o‘zaro hurmat, teng huquq, bir-biri manfaatini hisobga olish va qo‘llab-quvvatlashning o‘zgarmas tamoyillari asosida qurilgan va rivojlanib bormoqda.

Tomonlar so‘nggi 5 yil ichida energetika, kimyo sanoati, avtomobilsozlik, ta’lim va mehmonxona biznesi sohalaridagi investitsiyaviy hamkorlik sezilarli darajada o‘sganini qayd etdilar. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda alohida faollik kuzatilmoqda. Hamkor tomon meva-sabzavotchilik, chorvachilikni rivojlantirish, chekka hududlar, qishloqlarda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Yapon kompaniyalarini sog‘liqni saqlash sohasida sheriklikka jalb etish chora-tadbirlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat ham energetika va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatni jadallashtirishga sodiqligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar atmosferaga uglerod chiqindisi chiqarilishini kamaytirish, “yashil” texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan navbatdagi tadbirlarni ko‘rib chiqdi. Bu O‘zbekistonning Parij iqlim shartnomasiga muvofiq issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatiga mos keladi.

O‘zbekiston davlat muassasalari uchun ta’lim va malakali kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, ayni yo‘nalishda yangi dasturlar amalga oshirish bo‘yicha rejalar belgilandi. JDS (“Inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha stipendiya dasturi”) dasturida ishtirok etayotgan Yaponiya universitetlari ro‘yxatini kengaytirish, shuningdek, o‘zbekistonlik talabalar uchun ushbu dasturda ishtirok etish kvotalarini oshirish rejalari ma’lum qilindi. JDS - Yaponiya hukumatining davlat idoralari va tuzilmalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan grant loyihasi hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan aniq yechimlar ishlab chiqilib, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.
O‘zA