Global raqobat sharoitida davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik faqat kapital oqimi yoki savdo hajmlari bilan emas, balki inson kapitali sifatini oshirish, ekologik barqaror rivojlanish va investitsiya muhitini yaxshilash darajasi bilan ham baholanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Yaponiya tajribasining O‘zbekiston islohotlari bilan uyg‘unlashuvi ikki tomonlama munosabatlarning mazmunan chuqurlashayotganini ko‘rsatadi.
O‘zA muxbiri O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichi hamda amaliy hamkorlik natijalari xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ilmiy tadqiqotchisi Durdona Toshboyeva bilan qisqa suhbat uyushtirdi.
– Yaponiya tajribasi O‘zbekistonda inson kapitali rivojiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Avvalo aytish kerakki, O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligi inson kapitali rivojiga uzoq muddatli va tizimli ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, ta’lim sohasida yapon tajribasi katta ahamiyat kasb etadi. So‘nggi 30 yil ichida ming nafardan ortiq o‘zbek talabalari va mutaxassislari Yaponiyada ta’lim olgan yoki malaka oshirgan. Bu raqam mamlakatning kelajakdagi intellektual salohiyatini belgilaydigan muhim ko‘rsatkichdir.
Kadrlar tayyorlashda kunchiqar yurtning JICA, MEXT va boshqa dasturlari orqali muhandislik, tibbiyot, transport va davlat boshqaruvi sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. E’tiborlisi, Yaponiyada bilim olgan o‘zbek yoshlari keyinchalik o‘lkamizdagi islohotlar jarayonida va yangi texnologiyalarni joriy etishda faol ishtirok etmoqda, deyish mumkin.
Yana bir muhim jihat: yapon kompaniyalari bilan hamkorlik ayniqsa, mahalliy mehnat bozoriga yangi ish uslubini olib kirmoqda. Bu — sifat nazorati, jamoaviy mas’uliyat va uzoq muddatli rejalashtirish kabi tamoyillardir. Natijada inson kapitaliga faqat bilim emas, balki kasbiy madaniyat va dunyoqarash nuqtai nazaridan ham kuchli turtki berilayapti.
– “Yashil iqtisodiyot” yo‘nalishi doirasida ikki davlat hamkorligining real natijalari qanday?
– Shubhasiz, O‘zbekiston–Yaponiya hamkorligi “yashil iqtisodiyot”ni qog‘ozdagi konsepsiyadan chiqarib, hayotiy amaliyotga aylantirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, energetika sohasini olaylik: Yaponiyaning JICA agentligi ishtirokida O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalari va energiya ob’ektlari modernizatsiya qilindi. Eski uskunalar o‘rniga yuqori samarador texnologiyalar joriy etildi. Natijalar raqamlarda yaqqol ko‘rinmoqda: bir kilovatt-soat energiya ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i sarfi 15–20% ga kamaydi, atmosferaga chiqariladigan CO₂ hajmi esa sezilarli darajada qisqardi. Bu — “yashil iqtisodiyot”ning asosiy mezoni: kam resurs, kam ifloslanish va yuqori samaradorlik.
Yaponiya bilan texnik hamkorlik doirasida sement, kimyo va mashinasozlik korxonalarida energiya auditlari o‘tkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy etildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim korxonalarda energiya iste’moli 15–25% ga kamaygan va mahsulot raqobatbardoshligi oshgan. Bu esa ekologik barqarorlik iqtisodiy zarar keltirishi shart emasligini amalda isbotladi.
“Yashil iqtisodiyot” faqat sanoat bilan cheklanmadi. Yaponiya ishtirokida shahar issiqlik ta’minoti tizimlari yangilandi, energiya tejovchi qozonlar va avtomatlashtirilgan boshqaruv uskunalari o‘rnatildi. Bu loyihalar issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirib, havo ifloslanishini pasaytirishga xizmat qildi. Natijada hamkorlik samarasi oddiy aholining kundalik hayotida ham sezila boshladi.
Eng uzoq muddatli va barqaror natija — inson kapitali bilan bog‘liq. Yuzlab o‘zbek mutaxassislari Yaponiyada energiya samaradorligi va ekologik menejment bo‘yicha malaka oshirdi. Bugun aynan shu kadrlar “yashil texnologiyalar”ni mustaqil ravishda joriy etib, ularni mahalliy sharoitga moslashtirmoqda. Bu esa “yashil iqtisodiyot”ning vaqtinchalik emas, balki tizimli jarayonga aylanganini ko‘rsatadi.
– Keling, ko‘pchilikni qiziqtirgan sarmoyaviy hamkorlik mavzusiga to‘xtalib o‘tsak. O‘zbekistondagi qaysi sohalar yaponiyalik ishbilarmon va tadbirkorlarni ko‘proq qiziqtiradi? Yaponiyalik investorlarni yanada ko‘proq jalb qilish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylaysiz?
– So‘nggi yillarda diyorimiz yapon biznesi uchun ehtiyotkor kuzatuv ob’ektidan chiqib, istiqbolli investitsiya maydoniga aylandi. Agar 2016 yilgacha yapon kompaniyalari asosan davlatlararo loyihalar orqali va cheklangan miqyosda ishtirok etgan bo‘lsa, keyingi davrda vaziyat tubdan o‘zgardi.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar yapon biznesi uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. Valyuta bozorining liberallashuvi, soliq tizimining soddalashuvi, erkin iqtisodiy zonalarning kengayishi va investorlar huquqlarining kafolatlanishi Yaponiya kompaniyalarining ishonchini oshirdi.
Bu ishonch raqamlarda ham aks etmoqda: bugun mamlakatda 50 dan ortiq yapon kompaniyalari va qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda, ularning katta qismi oxirgi 7–8 yilda kirib kelgan.
Yapon biznesi uchun O‘zbekistonning ustunligi bir nechta omil bilan izohlanadi:
•Ichki bozor: 38 milliondan ortiq aholi va o‘sib borayotgan iste’mol talabi.
•Geografik joylashuv: Markaziy Osiyodagi markaziy pozitsiya — O‘zbekistonni mintaqaviy logistika va ishlab chiqarish xabi sifatida ko‘rsatadi.
•Yosh va mehnatga layoqatli aholi: sanoat va ishlab chiqarish loyihalari uchun muhim ustunlik.
JETRO tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston bugun yapon kompaniyalari uchun Markaziy Osiyoda eng istiqbolli bozorlardan biri sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, energetika, infratuzilma, mashinasozlik, kimyo sanoati, farmatsevtika va IT sohalarida qiziqish ortmoqda.
Muhimi, yapon biznesi endi O‘zbekistonni faqat sotuv bozori sifatida emas, balki ishlab chiqarishni joylashtirish va texnologiyani lokalizatsiya qilish maydoni sifatida ko‘ra boshladi. Bu esa uzoq muddatli investitsiyalarning kirib kelishi va iqtisodiy hamkorlikning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi, O‘zA