Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yapon tadbirkorlari Surxondaryoga sarmoya kiritadi
14:21 / 2023-04-01

Surxondaryo viloyati hokimligi va bir guruh tadbirkorlardan iborat delegatsiya a’zolari ayni kunlarda Yaponiya davlatida bo‘lib, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, vohaning iqtisodiy salohiyatini namoyish etish, investitsiya va turizm imkoniyatlariga oid taqdimotlar hamda mahsulotlar eksporti yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Anvar Oripov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “Japan Conservation Engineers & Co. LTD” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) granti hisobidan Surxondaryo viloyatida yerlar sho‘rlanishining oldini olish, sho‘r yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishdi.  

“Nippon Investment Operating Corporation” (NIOC) kompaniyasi bilan Surxondaryo viloyatida talk xom ashyosini qayta ishlab, mahsulotni Yaponiyaga eksport qilish uchun qiymati 2 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.  

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida viloyat hokimligi va ishbilarmonlar doirasi vakillari 20 dan ortiq nufuzli yapon kompaniyalari hamda yapon tadbirkorlari ishtirokida biznes-seminar tashkil etdi. Unda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, turizm xizmatlarini ko‘rsatish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga qiziqish bildirgan korxonalar mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazilib, 12 million dollarlik shartnoma imzolandi.

Safar chog‘ida shuningdek, “Alpha Gakuin” instituti va Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida Termiz shahrida O‘zbekiston – Yaponiya texnologik universitetini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Loyiha doirasida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, qurilish, tibbiyot va hamshiralik, mehmonxona menejmenti, avtomobilsozlik, yapon tilini o‘rgatish kabi yo‘nalishlarda talabalarni o‘qitish, professional ta’lim berish va kasbga o‘rgatish rejalashtirilgan.  

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari departamenti bosh direktori T.Nakazato bilan uchrashuvda tomonlar JICA hamkorligida janubdagi vohada amalga oshirilayotgan loyihalarni muhokama etdi. Kun chiqar mamlakatning Xokkaydo prefekturasiga safari chog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Surxondaryo viloyati va Xokkaydo prefekturasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, mehnat resurslari sohalarida hamkorlik qilish, qo‘shma tadbirlar va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.  

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida Yaponiyada tahsil olayotgan talaba-yoshlar hamda nufuzli kompaniyalarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazilib, ular bilan turli sohalarda mamlakatimiz iqtisodiyotiga Yaponiyaning zamonaviy tajriba va yangi texnologiyalarini joriy etishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.  

Viloyat delegatsiyasining safari davom etmoqda.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA