So‘nggi yillarda mamlakatimizda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida raqamlashtirish jarayonlari jadal sur’atlarda kechmoqda. Naqdsiz to‘lovlar ulushining ortishi, onlayn-kassalar joriy etilishi hamda fiskal cheklar tizimining takomillashuvi natijasida iste’molchilar ham, tadbirkorlar ham yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda.
Xususan, xarid uchun keshbek qaytarish amaliyoti aholini rasmiy chek talab qilishga rag‘batlantirib, soliq intizomini mustahkamlashda muhim omilga aylandi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, iste’molchilarga 197,6 millionta chek uchun jami 125,7 milliard so‘mdan ortiq keshbek to‘lab berildi. Bu raqamlar mamlakatda raqamli hisob-kitoblar va soliq ma’murchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ko‘rsatmoqda.
To‘langan keshbek mablag‘larining eng katta qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelgan. Xususan, Toshkent shahri – 37,5 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyati – 18,4 mlrd so‘m, Toshkent viloyati – 15,4 mlrd so‘m, Samarqand viloyati – 8,4 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 7,8 mlrd. so‘m keshbek mablag‘lari to‘lab berilgan.
Tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahrida savdo aylanmasi hajmi va naqdsiz to‘lovlar ulushi yuqori bo‘lgani bois keshbek to‘lovlari hajmi ham yetakchilik qilmoqda. Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida esa aholi zichligi va savdo infratuzilmasining rivojlangani ushbu ko‘rsatkichlarga ta’sir etgan.
Keshbek tizimi mamlakatda soliq intizomini mustahkamlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish va xaridlarni rasmiylashtirishga rag‘bat uyg‘otish maqsadida joriy etilgan. Ushbu mexanizm orqali iste’molchilar har bir xarid uchun fiskal chek olishga qiziqmoqda.
Mazkur tizim Soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan raqamlashtirish dasturlari doirasida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, “Soliq” mobil ilovasi orqali ishlaydi. Foydalanuvchilar chekdagi QR-kodni skaner qilish yoki avtomatik ro‘yxatdan o‘tgan onlayn-kassalar orqali keshbekka ega bo‘lishlari mumkin.
Keshbek mablag‘ini olish uchun foydalanuvchi FACE ID orqali shaxsini tasdiqlashi lozim. Bu talab noqonuniy ro‘yxatdan o‘tish holatlarini cheklash, soxta akkauntlar orqali mablag‘ yechib olishning oldini olish hamda tizim shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Qayd etish joiz, keshbek tizimi nafaqat iste’molchilarni rag‘batlantiradi, balki tadbirkorlarni ham savdoni qonuniy yuritishga undaydi. Natijada byudjet tushumlari oshadi, naqdsiz iqtisodiyot ulushi kengayadi va moliyaviy intizom mustahkamlanadi.
Yanvar oyida qayd etilgan 125,7 mlrd. so‘mlik keshbek ko‘rsatkichi mamlakatda iste’mol faolligi yuqori darajada saqlanayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, raqamli xizmatlardan foydalanish madaniyati izchil oshmoqda.Qayd etilishicha, yil davomida keshbek hajmi yanada ortishi mumkin. Bu esa raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va soliq ma’murchiligini yanada shaffoflashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Sh. Mamaturopova, O‘zA