Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangrayversin sozlar navosi
15:41 / 2025-06-23

2023 yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan “Damli sozlar navosi” xalqaro musiqa festivali bu yil ikkinchi marotaba tashkil etildi. Mazkur musiqa festivali Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevnning “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida yuksak saviyada o‘tkazilgani e’tiborga molikdir.

Ushbu festivalda ming nafarga yaqin yoshlar qatnashdi. 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ijodkorlar o‘rtasida tashkil etilgan festival doirasida damli va zarbli cholg‘ular ansambl va orkestrlarining tanlovi, xalaro ilmiy anjuman o‘tkazildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” dasturiga muvofiq Toshkent shahridagi “Central Park Tashkent”, “Navro‘z” etnografik bog‘i va boshqa bog‘larda damli va zarbli cholg‘ular ijrosida konsert dasturlari bo‘lib o‘tdi.  

“Tashkent City Park” majmuasida  ushbu festival g‘oliblarini taqdirlash hamda musiqa bayramining tantanali yopilishiga bag‘ishlangan gala-konsert dasturi tashkil etilib, unga mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, musiqa ixlosmandlari, talaba-yoshlar taklif etildi.  

Festivalda Qozog‘iston, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlardan damli va zarbli cholg‘ular ansambl va orkestrlari ishtirok etdi.  

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Talabalar damli cholg‘ular orkestri Gran-pri mukofotiga munosib ko‘rildi. O‘zbekiston davlat simfonik orkestri Zarbli cholg‘ular ansambli birinchi o‘ringa loyiq topildi.  

Qurmong‘ozi nomidagi Qozog‘iston Milliy konservatoriyasining Talabalar damli cholg‘ular orkestri (Qozog‘iston Respublikasi), mazkur oliy musiqa o‘quv yurtining  “Fantastiko” ansambli hamda Saksofonchilar ansambli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.    

R.Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi damli cholg‘ular orkestri,  Bayseitova nomidagi Qozog‘iston Milliy san’at universiteti Talabalar damli cholg‘ular orkestri, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri “Brass-kvintet” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.  

“Umid” nominatsiyasi bo‘yicha esa Yosh Balakirevlar orkestri (Rossiya Federatsiyasi) g‘olib bo‘ldi. Barcha g‘olib va sorindorlar maxsus  diplom, statuetka, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.  

Mazkur festival musiqa sohasidagi xalqaro hamkorlikni tobora mustahkamlashda, ijodkor yoshlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi, san’atini namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etdi.  

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri