Ma’lumki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari malakasini oshirish, bolajonlarni qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash bo‘yicha ham bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.
Chunki, Yangi O‘zbekiston islohotlari davrida tarbiyaning o‘rni sezilarli darajada oshib, tizim takomillashib borayotgan bo‘lsada, muammolar ham mavjud. Shuni e’tiborga olib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlarning yangiyo‘llik saylovchilar bilan uchrashuvi tumandagi “Ahil” mahallasida joylashgan bog‘cha faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.

Nomzodlar bog‘cha shart-sharoitlari bilan tanishdi, tarbiyachilar bilan dildan suhbatlashdi. Sohani rivojlantirish bo‘yicha dasturda ilgari surilgan takliflar haqida ma’lumotlar berildi.
Hozirda, ayrim bog‘chalarda oliy ma’lumotli mutaxassislar yetarli emas. Borlarining ham malakasi bugungi talablarga javob bermaydi. Ayrim bog‘chalar hamon shunchaki bolalarni “majburan ushlab turish” maskani sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu boradagi muammolarni tizimli hal qilish davr talabidir.

Partiya vakillari tumandagi 5-sonli San’at va musiqa maktabida yangiyo‘llik saylovchilar bilan uchrashdi. Unda Partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov so‘zga chiqib, bunday uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad saylovchilarni partiya g‘oya va maqsadlari bilan keng tanishtirish, ularning xayrixohligini ko‘paytirish ekanini ta’kidladi.
Hozir barcha harakatlar O‘zbekistonni dunyoning rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish orqali xalqimiz farovonligini ta’minlash, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan, inson qadri ustuvor bo‘lgan xalqparvar jamiyatni barpo etishga qaratilgan. Shu ma’noda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi taraqqiy etgan barcha davlatlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va bu orqali iqtisodiyotni rivojlantirish tarafdori.

– Biz texnologik, ta’limdagi, iqtisodiyot va barcha sohadagi rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin bularning birortasi qadriyatlarimizga zid bo‘lmasligi kerak, – dedi Alisher Qodirov. – Biz o‘zligimizni yo‘qotib rivojlana olmaymiz.
Uchrashuvda deputatlikka nomzodlar ham so‘zga chiqib, partiya va o‘zlarining saylovoldi dasturidagi eng muhim jihatlar haqida ma’lumotlar berdi va bo‘lajak saylovlarda “Milliy tiklanish” va uning nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.

A.Musayev,O‘zA.