Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangiyo‘l tumanida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada oshirilmoqda
15:21 / 2021-08-06

Qaror va ijro

Prezidentimizning 2021 yilning 25 maydagi “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatiga sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalariga 50 turdagi dori darmon va 16 turdagi tibbiy buyumlar xaridi uchun 1 milliard 969 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan.

bugungi kunda mazkur mablag‘lar hisobidan joylardagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari ya’ni markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalar, shahar va kishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlariga zarur dori-darmon va tibbiy buyumlar yetkazilib, aholiga tarqatilyapti.  

Mazkur jarayonlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent viloyati va Yangiyo‘l tumani hokimliklari axborot xizmati, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorlikda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.  

Dastlab tumandagi Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika faoliyati bilan tanishildi. Bu yerda 200 ming nafardan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatiladi. 50 turdan ortiq tor doiradagi mutaxassislar va tibbiyot xodimi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Tumandagi nogironligi bo‘lgan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha barcha sharoit yaratilgan.  

Bu yerda koronavirusga qarshi vaksina olish uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, joriy yilning 3 avgust holatiga 3 ming nafardan ortiq aholi emlandi. Joylarda tashkil etilgan tibbiy mobil brigadalar tomonidan turli korxona va tashkilotlar, mahallalarda aholi vaksina bilan emlanyapti.  

Hozirgi pandemiya davrida COVID-19ga chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida joylardagi 10 ta davolash profilaktika muassasalari faoliyat yurityapti. Ularning har birida zarur dori jamlanmalari tarqatilgan bo‘lib, shamollash alomatlari bor bo‘lgan, karonavirusga chalingan bemorlarga tegishli tartibda dorilar tarqatiladi.  

–   Ilgari bemorlarga dori-darmonlar retsepti yozib berilar edi, – deydi Yangiyo‘l tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi koordinatori Nigora Yo‘ldosheva. – endilikda yaratilgan qulayiklar tufayli shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan bemorlarning tibbiy kartasiga qayd etilgan holatda, surunkali, shoshilinch bo‘lmagan holatlarda dorilar tarqatilmoqda. Bu jarayonlar nazoratga olingan. Bundan aholi mamnun. Sababi, ko‘p yillardan beri dorilarni o‘zlari sotib olar edi. Ayrim oilalarning bunga har doim ham imkoniyat yo‘q.  

Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Yangiyo‘l tumani Tibbiyot birlashmasida bo‘lib, karonavirusga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.  

Mazkur shifoxona 200 o‘rinli bo‘lib, xususan, yuqumli kasalliklar bo‘limi, homiladorlar va bolalar bo‘limlari tashkil etilgan. Bemorlar yotadigan har bir xona maxsus kislorod apparatlari bilan ta’minlangan.  

Tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Sanjar Umirzoqovning ta’kidlashicha, barcha dori-darmonlar jamg‘arilgan bo‘lib, bemorlarga tibbiy tekshiruv asosida berilyapti. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda, bir kunda 30-40 nafar koronavirus, shamollash kalalligining turli asoratlariga chalingan bemorlar qabul qilinyapti. Shifo topgan fuqarolarga tegishli tavsiyalar berilib, uylariga javob berilyapti.  

Navbatdagi manzil hududdagi 70-sonli oilaviy poliklinika qoshida tashkil etilgan tuman tibbiyot birlashmasining COVID-19 maxsus poliklinikasi bo‘ldi. Bu yerda 40 ming nafardan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatiladi. Hududdagi 14 ta mahallaga umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralar biriktirilgan bo‘lib, joylarda tez tibbiy yordam mobil brigadalari tomonidan koronavirusga qarshi vaksina bilan emlash ishlari olib borilmoqda. Ularning sa’y-harakatlari bilan bir kunda 200 nafarga yaqin aholi emlangan.

–   Kuzatuvlarimizga ko‘ra, hududimizda o‘rta yoshlardagi insonlarda COVID-19 bilan kasallanish kuzatilyapti, – deydi oliy toifali shifokor Gulnoza Abdullayeva. – Ayniqsa, karantin talablariga rioya qilinmagani, e’tiborsizlik va vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tilmayotgani bemorlarning ko‘payishiga olib kelyapti. Shuni e’tiborga olgan holda muntazam ravishda targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz.

COVID-19 maxsus poliklinikasiga kelayotgan bemorlarning saturatsiyasi tekshirilib, kislorod konsentratori ulanadi. Shifokorlar tomonidan tegishli tartibda rengan qilinganidan so‘ng, shu asosida tegishli muolajalar qilinadi. Bu yerda kuniga 40 tadan 70tagacha bemorlar qabul qilinmoqda. Xususan, Oqqo‘rg‘on, Chinoz, O‘rta Chirchiq tumanlaridan ham fuqarolar murojaat qiladi. Barcha xizmatlar bepul amalga oshirilyapti.  

Abdulaziz Musayev, Abror Esonov(surat), O‘zA