Yangiyo‘l tumani “Baytish” hamda “Ko‘kalamzor” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, “Kalgan-Chirchiq” kanali ustidan o‘tgan ko‘prik yangidan qurib foydalanishga topshirildi.
E’tiborlisi shuki, umumiy foydalanishdagi davlat ahamiyatidagi D-022 “Nurafshon sh. – Oqqo‘rg‘on sh. – Yangiyo‘l t.” avtomobil yo‘lining 57+800 kilometr qismida joylashgan ushbu ko‘prik 1967 yilda qurilgan. Uzoq yillar davomida texnik jihatdan eskirib, to‘liq ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Shu tufayli aholi va hududga kelib-ketuvchilar ko‘p vaqt davomida aylanma yo‘ldan harakatlanishga majbur bo‘ldi.

Ko‘prikning umumiy uzunligi 40 metr, tayanch oraliqlari 8,66 + 22,16 + 8,66 metr, qatnov qismi kengligi 7 metrni tashkil etadi. Undan sutkasiga o‘rtacha 25 ming 780 ta transport vositasi harakatlanadi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar asosida ko‘prikni qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Ochilish marosimida Yangiyo‘l tumani hokimi Odiljon Ataullayev so‘zga chiqib, mazkur infratuzilmaviy loyihaning ahamiyati, xalq farovonligi va xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Tadbirda hokim o‘rinbosarlari, korxona va tashkilot rahbarlari, nuroniylar, yoshlar hamda hudud faollari ishtirok etdi.

Hududlarda bu kabi bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.