Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov, Yangiyo‘l shahar hokimi Farhod Mirzayev, "Beeanz Inc." kompaniyasi Bosh direktori Tsutomi Uchiyama, mazkur kompaniya vakillari Daisuke Nakamura, Nakamura Takanori hamda akademiyaga qabul qilingan yoshlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali ochilish tadbirida qisqa vaqt ichida O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligida tashkil etilgan bu kabi zamonaviy va shinam o‘quv dargohlari kelgusida o‘z natijasini berishi alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar kompyuter texnologiyalari bilan jihozlangan zamonaviy va shinam xonalarni ko‘zdan kechirib, o‘quv markazi tinglovchilari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Mutaxassislarning ta’kidlanishcha, IT Akademiyasi tinglovchilari 10 oy mobaynida kompyuter dasturlash tillari bo‘yicha mukammal o‘qitiladi. Mashg‘ulotlar videodars shaklida olib borilib, haftaning har juma kuni yapon mutaxassislari va talabalar o‘rtasida savol-javoblar o‘tkaziladi.
IT Akademiyasiga bugungi kungacha jami 250 dan ziyod 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar hujjat topshirgan. Ulardan 90 nafari sinov imtihonlari asosida saralanib, akademiyaga qabul qilindi. Endilikda ularga kompyuter texnologiyalari va zamonaviy dasturlash tillari bilan bir qatorda yapon tilidan ham saboq beriladi. Shu bilan birga tahsilni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan faol va tashabbuskor yoshlar Yaponiyada malaka oshirish va ishlash imkoniga ham ega bo‘ladi.
A.Musayev, O‘zA