Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida aholini toza va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida xalqaro miqyosda yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi “Suv ta’minoti va iflos suv tizimini rivojlantirish hamda institutsional salohiyatni oshirish” dasturi doirasidagi mazkur tashabbus shahar infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilish hamda aholini toza ichimlik suv bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.
– Yangiyerda ichimlik suvi ta’minoti masalasi yillar davomida aholini qiynab kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri edi, – deydi shahar hokimi Otabek Nosirov. – Shu bois, eski tarmoqlarni qisman ta’mirlash bilan cheklanib qolmasdan, butunlay yangi tizim yaratishga qaror qilindi. Bu loyiha faqat suv yetib borishini emas, balki turmush sifati yaxshilanishini ham nazarda tutadi.

Loyiha doirasida Guliston tumanidagi Beshbuloq suv inshootidan Yangiyerdagi “Shodlik” nasos stansiyasigacha 33,2 kilometr uzunlikdagi asosiy suv quvuri tortiladi. Shahar ichida esa 6,2 kilometr magistral tarmoq qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 11 ta yangi suv qudug‘i, har bir quduq uchun alohida muhofaza xonadonchalari, 10 ta zamonaviy suv minorasi va 39,25 kilometr ichimlik suv tarmoqlari barpo etiladi. 5 369 ta individual hisoblagich o‘rnatilishi ham belgilangan.

Loyihaning umumiy qiymati 3 million 930 ming 40 AQSH dollarini tashkil etadi. Qurilish-montaj ishlarini Eron va O‘zbekiston hamkorligidagi “TANA Energe and Effective Engineering” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mutaxassislari amalga oshirmoqda. Barcha ishlar 2026 yil iyun oyigacha to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.

– Bu shahar kelajagiga qilingan muhim sarmoyadir, – deya qo‘shimcha qildi shahar hokimi. – Muhimi, aholi sanitariyasi, sog‘ligi va turmush tarzi yaxshilanadi. Yangi suv tizimi orqali biz Yangiyer ahli hayotida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlashni maqsad qilganmiz.
Loyihaning amalga oshirilishi shahardagi mavjud muammolarni hal etib, toza ichimlik suvidan barcha uchun barobar foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bu esa nafaqat shaharsozlik, balki ijtimoiy barqarorlik yo‘lidagi muhim qadam sanaladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri