French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangiyerdagi nodavlat ta’lim tashkilotlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi
16:33 / 2025-10-30

Sanitariya—epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Sirdaryo viloyat boshqarmasining Yangiyer shahar bo‘limi mutaxassislari tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida shahar hududidagi 32 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya etilish holati o‘rganildi.

Nazorat ishlari davomida muassasalarda ozuqa mahsulotlari sifatini saqlash, bolalar uchun yaratilgan sanitariya-gigiyena sharoiti, oshxona va mehnat muhitining tozaligi, xodimlar sog‘ligi ustidan tibbiy nazorat ahvoli  atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tekshiruv natijasida 22 ta nodavlat ta’lim tashkilotlari bo‘yicha hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyer shahar sudiga yuborilib, jami 9 million 568 ming so‘mlik jarimalar qo‘llandi. Shuningdek, 7 ta xususiy oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotida aniqlangan qonunbuzilishlar tufayli ularning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sanitariya va gigiyena talablariga rioya etilmasligi bolalar sog‘lig‘i, ta’lim jarayoni xavfsizligi hamda umumiy tarbiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois nodavlat ta’lim tashkilotlari rahbarlariga sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilish, mavjud kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish hamda profilaktik choralarni kuchaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

– Har bir bola xavfsiz va sog‘lom muhitda ta’lim olishi kerak. Sanitariya qoidalariga rioya qilish nafaqat sog‘liqni saqlash, balki ta’lim jarayoni sifatini ham oshiradi, – deydi Yangiyer shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i Botir Donayev.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri