Joriy yilning 16–17 oktyabr kunlari Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida “Kimyo va oziq-ovqat sanoatida mineral va ikkilamchi resurslarni qayta ishlashning innovatsion texnologiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yirik ilmiy anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Umumiy va noorganik kimyo instituti hamda bir qator xalqaro hamkorlar – Janubiy Qozog‘istondagi Auezov nomidagi kimyo-texnologiya universiteti, Xitoyning Tyanjin agrar universiteti, “Peng Sheng” o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati, “Artel Electronics” kompaniyasi va “International Journal of Scientific Bulletin” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada Germaniya, Fransiya, Rossiya va Turkiya kabi davlatlardan kelgan 10 dan ziyod nufuzli olimlar, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalariga mansub 200 dan ortiq professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar hamda iqtidorli talabalar qatnashdilar. Anjumanda jami 250 dan ortiq ilmiy maqolalar taqdim etildi.

– Ilmiy-tadqiqot muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilg‘or ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etgan mazkur konferensiyada zamonaviy innovatsion texnologiyalar yordamida resurslardan oqilona foydalanish, chiqindisiz ishlab chiqarish tizimlarini joriy etish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda sanoat tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan dolzarb vazifalar bo‘yicha fikr va mulohazalar almashildi, – deydi filial direktorining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyev.

Ikki kun davom etgan xalqaro ilmiy muloqot doirasida noorganik va organomineral kompozitsion materiallar, neft-gaz kimyosi, axborot texnologiyalari, ekologik toza ishlab chiqarish, iqtisodiyot, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari hamda innovatsion pedagogika yo‘nalishlaridagi ilmiy sho‘’balar faoliyat yuritdi. Mazkur sho‘’balarda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish va xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Anjuman doirasida Yangiyer filiali laboratoriya va ta’lim-innovatsiya markazlarida amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar hamda talabalarning startap loyihalari namoyish etildi. Qatnashchilar mazkur tajribalarni yuqori baholab, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Ta’kidlash joizki, Yangiyer shahrida tashkil etilgan mazkur xalqaro ilmiy anjuman nafaqat ilmiy jamoatchilik uchun muhim voqea bo‘ldi, balki mamlakatimizda kimyo va oziq-ovqat sanoati sohalarida innovatsion yechimlarni rivojlantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri