Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangiyerda texnopark tashkil etiladi
18:17 / 2023-10-10

Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev Xitoy Respublikasi Tyanszin fan va texnika universitetining yuqori texnologik innovatsion texnoparki direktori Bovi Chjanni qabul qildi.

Muloqot chog‘ida Yangiyer erkin iqtisodiy zonasi hududida 50 million AQSH dollari qiymatida biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnopark barpo etish masalasi muhokama qilindi. Viloyat rahbari Sirdaryoning transport-logistika infratuzilmasi, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida to‘xtalib, investorlarning innovatsion texnologiyalar va zamonaviy ilmiy yutuqlarni sanoat tarmoqlariga joriy etish borasidagi takliflarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.  

Bovi Chjan texnoparkda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlar, Toshkent kimyo texnologiyalar instituti Yangiyer filiali bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ilmiy-tadqiqot markazi va zamonaviy ilmiy laboratoriya xususida to‘xtalib o‘tdi. Mazkur texnoparkda ilg‘or texnologiyalar asosida yirik shoxli qoramol suyaklaridan suyak oqsili, shirinmiya o‘simligidan shakar o‘rnini bosuvchi biomahsulotlar, vitaminlar, antioksidantlar olish, shuningdek, bug‘doy, soya, makkajo‘xori va dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash hisobiga ferment mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadigan texnopark qoshida logistika va bojxona markazini tashkil etish ham nazarda tutilgan. Loyiha ishga tushishi natijasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Sh.Suyarov,  

O‘zA