Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangiyerda «Konstitutsiya ko‘chasi» ochildi
14:46 / 2025-12-06

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni oldidan Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi «Yangi Konstitutsiya xiyoboni»da aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish va Asosiy qonun qadriyatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida «Konstitutsiya ko‘chasi» ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbir Adliya boshqarmasi, Yangiyer shahar hokimligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Loyiha doirasida xiyobon hududida 500 metrlik piyodalar yo‘lagi barpo etildi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya moddalari aks etgan tasviriy oynalar o‘rnatildi. Majmua atrofiga mingdan ortiq manzarali ko‘chatlar ekildi. Shuningdek, fuqarolarga davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkonini beruvchi infokiosk joylashtirildi.

Tadbir davomida Konstitutsiyaning yaratilish va takomillashuv bosqichlariga bag‘ishlangan «Konstitutsiya tarixi» burchagi, huquqiy adabiyotlar va axborot materiallari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Adliya va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatiga doir axborot burchaklari ham aholi, ayniqsa yoshlar uchun taqdim etildi.

Yoshlar o‘rtasida huquqiy viktorinalar va savol-javoblar o‘tkazilib, ularning huquqiy bilim va madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi.

– Bunday xiyobonlarning ochilishi faqat shahar obodonligiga xizmat qilmaydi. U yoshlarimizning huquqiy ongi va mas’uliyatini yuksaltirishda ham muhim ahamiyatga ega, – deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’uli Dilnoza Umrzoqova. – Har bir qadamda Konstitutsiya qadriyatlarini eslab yurish, yurtimizga sodiq fuqarolarni tarbiyalash biz uchun faxrli ish.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i Murod Hayitov ham tadbirning ahamiyatini qayd etdi:

– Bunday loyihalar yosh avlod huquqiy ongi va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishda muhim omildir. Yangiyerlik yoshlar bu yerda Konstitutsiyaning asosiy tamoyillari bilan yaqindan tanishib, qonunlarga hurmat va fuqarolik madaniyatini yuksaltirish imkoniga ega bo‘ldi.

Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, Yangiyer shahrida tashkil etilgan «Konstitutsiya ko‘chasi» yangi ma’rifiy maydon sifatida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, yoshlarni Konstitutsiya va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA