Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida «1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» munosabati bilan «Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolasi» nomli bayram tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur sanaga bag‘ishlab hududda 10 ta bolalar o‘yingohi qurilib, foydalanishga topshirildi. Ularda yoshlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida sun’iy qoplama yotqizildi va to‘siqlar o‘rnatildi.
Shaharning «Shukrona» mahallasida 3 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mazkur mahallaga ham 5 ta zamonaviy bolalar o‘yingohlari qurib berildi. Ushbu chora-tadbirlar mahalliy aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Sana munosabati bilan Yangiyer shahrining turli muassasalarida hamda shahar istirohat bog‘ida ham bayram tadbirlari tashkil etildi. Ushbu shodiyonalar yurtimizdagi tinchlikni, millatlararo do‘stlikni mustahkamlash, yosh avlodda mehr-oqibat va o‘zaro hamjihatlik tuyg‘ularini shakllantirish kabi ezgu g‘oyalarga qaratilgandir.
Shu kuni Yangiyer shahrida «Yangi Konstitutsiya xiyoboni»ning tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu maskan shahar aholisining huquqiy bilimlarini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi. Marosimda ishtirok etayotgan yoshlarga yangi tahrirdagi Konstitutsiya kitoblari sovg‘a qilindi.
Xiyobonga 500 metrlik piyodalar yo‘lagi qurilib, uning atrofiga yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning moddalari aks etgan tasviriy oynalar joylashtirildi. Majmua atrofiga mingdan ortiq manzarali ko‘chat ekildi, aholi uchun davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkonini beruvchi infokiosk o‘rnatildi.
Bu kabi tadbirlar yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qilib, ularning milliy qadriyatlarga sodiq va jamiyatning faol fuqarolari bo‘lishlariga ko‘maklashadi.
Joriy yilda Yangiyer shahrining har bir mahallasida ana shunday bolalar o‘yingohlari va dam olish maskanlari qurilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3SV6nYzYZC8" title="Yangiyer shahrida “Konstitutsiya xiyoboni” ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
G‘ulom Primov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA