Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Yangiyer-Ohangaron” magistral gaz quvuri vodiyga tabiiy gaz o‘tkazish imkoniyatini kengaytiradi
18:57 / 2021-11-29

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan uzunligi 13 ming 200 kilometrga yaqin turli o‘lchamdagi magistral gaz quvurlaridan foydalanib kelinmoqda.

Tizimda 23 kompressor stansiyasi, yetmishga yaqin gaz haydash agregati va 412 gaz taqsimlash stansiyasi hamda ikkita gazni yer ostida saqlash inshooti mavjud. Jamiyat tizimida 8 ming nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi.

Mamlakatimiz aholisiga yetkazilib beriladigan gazning 3/1 qismi birgina “Ohangaron” kompressor stansiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi. “O‘ztransgaz” AJ tomonidan “Ohangaron” kompressor stansiyasi va Farg‘ona vodiysi viloyatlariga press-tur tashkil etildi.

“O‘ztransgaz” AJ axborot xizmati bosh mutaxassisi Farida Tojiboyeva bu haqda quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Avvalo, maqsadimiz ommaviy axborot vositalari vakillarini “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi kompressor stansiyalar hamda magistral gaz quvurlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdir, – dedi F.Tojiboyeva. – Ular bu yerdagi jarayonlarni kuzatadi, ishchi-xodimlar bilan muloqotda bo‘lib, material, video va fotolavhalar orqali jamoatchilikni tizimdagi yangiliklardan xabardor etadi.

Ma’lumki, mamlakatimiz aholisiga yetkazilib beriladigan gazning 3/1 qismi “Ohangaron” kompressor stansiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, jurnalistlarni dastlab “Ohangaron” Gaz siquv kompressor stansiyasi bilan tanishtirdik.

Bu stansiya Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasi tasarrufiga kiradi. Gaz transport tizimidagi muhim va strategik ahamiyatga ega bo‘g‘inlardan biri bo‘lgan mazkur muhandislik inshootida “Yangiyer-Ohangaron” magistral gaz quvuri bo‘ylab kelgan tabiiy gaz bosimi ko‘tarilib, Farg‘ona vodiysi viloyatlariga uzatiladi.

Inshootning o‘tkazuvchanlik quvvati kunlik 25-30 million metr kubni tashkil etadi.

Jurnalistlar stansiya imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirildi. 2021-2022 yillarda magistral gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish dasturi doirasida 2022 yilda “Yangiyer-Ohangaron” magistral gaz quvurining 95 kilometr qismi qurilishi rejalashtirilgan. Bu esa respublikamizning sharqiy hududiga tabiiy gaz o‘tkazish imkoniyatini kengaytiradi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar “Ohangaron – Pungon” magistral gaz quvurining 80-kilometri - tog‘ ustida joylashgan majmua faoliyati bilan tanishdi. Bu joyda tabiiy gaz tarkibidagi har xil yot moddalar va suyuqliklarni ushlab qoluvchi agregatlar va tabiiy gazni isitish pechlari bor. Agregatlar yordamida qish mavsumida magistral gaz quvurida gidrat cho‘kmalar hosil bo‘lishi va muzlashining oldi olinadi. Tog‘ ustidagi majmuada navbatchilik shtabi uzluksiz navbatchilik tartibida faoliyat olib boradi. Ushbu quvur orqali Farg‘ona vodiysi viloyatlari iste’molchilariga tabiiy gaz yetkazib beriladi.

“Ohangaron-Pungon” gaz quvurining yillik o‘tkazuvchanlik quvvati 10 milliard metr kubni tashkil qiladi. Quvurning balandlikdagi nuqtasi dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashgan. Quvur bo‘ylab nazorat qilish ishlari ham har kuni davom ettiriladi.

“Ohangaron-Pungon” quvuriga luping qurish” loyihasi hozirda amalga oshirilmoqda. Murakkab ob-havo sharoiti tufayli ob’ektdagi ishlar vaqtincha to‘xtatilgan. “Ohangaron-Pungon” magistral quvurining anomal uchastkasiga luping (halqa) qurish loyihasi yakunlansa, Farg‘ona vodiysiga tabiiy gaz o‘tkazishda yuz berishi mumkin bo‘lgan tabiiy gaz uzatishdagi uzilishlarning oldi olinib, avariya holatlarini zudlik bilan bartaraf etish imkoni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish muddati 2020-2022 yillarni qamrab oladi.

“Shimoliy So‘x” gazni yer ostida saqlash inshootidagi kompressor stansiya ham “Ohangaron-Pungon”magistral gaz quvuri orqali Farg‘ona vodiysiga kirib kelgan tabiiy gazni viloyat iste’molchilariga yetkazib berishda muhim hisoblanadi.

Gaz taqsimlash stansiyalari – magistral gaz quvurlari orqali yuqori bosimda kirib kelgan tabiiy gazni filtrlab, zarur bosimga pasaytirib, o‘lchab, hidlantiradi va iste’molchilarga uzatadi. Aslida tabiiy gaz rangsiz va hidsiz, shu bois har 1000 metr kub tabiiy gazga 16 gramm hajmida etilmerkaptan qo‘shiladi. Tabiiy gazga shu moddani qo‘shish hisobiga gaz sizib chiqishini sezamiz.

Jurnalistlar Marg‘ilon tumaniga tabiiy gaz yetkazib beruvchi Gaz taqsimlash stansiyasini ham borib ko‘rdi. Ushbu stansiya joriy yilda rekonstruksiyadan chiqarildi. Hozirda stansiyaning o‘tkazuvchanlik quvvati oshirilgan. Navbatchilikda ishlovchi operatorlarning ish va yashash sharoitlari yaxshilangan.
 

O‘ylaymizki, tashkil etilgan ushbu tadbir jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi.

[gallery-4853]

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.