Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangiyer hokimidan ezgu tashabbus: maktab bitiruvchilari uchun imkoniyat
16:18 / 2023-02-08

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va tashabbuslarini amalga oshirish, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyati samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahri hokimining xalq ta’limi tizimidagi iqtidorli yoshlar o‘rtasida “Al-Xorazmiy nomidagi” matematika hamda “Abdulla Avloniy nomidagi” ingliz tili fanlaridan “Yangiyer olimpiadasi” ni tashkil etish hamda o‘quvchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ham xuddi shu maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga ko‘ra “Yangiyer olimpiadasi” ni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom ishlab chiqildi.  Mazkur hujjat umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Yangiyer olimpiadasi” ni tashkil etish, o‘tkazish hamda g‘oliblarni rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.  

Prezidentimizning 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida tashkil etiladigan tadbir o‘quvchilar o‘rtasida  sog‘lom raqobatni rivojlantirish, respublika va xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash, fanlar olimpiadasi respublika bosqichida sovrinli o‘rinlar olishlari uchun imkoniyat yaratish, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish salmog‘ini oshirishga qaratilgani e’tiborlidir.

“Yangiyer olimpiadasi” shahar maktablarining 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi  maktab bosqichi fevral oyining ikkinchi o‘n kunligida, ikkinchi shahar bosqichi esa mart oyining ikkinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi. Olimpiadada har bir fan va sinf kesimida ishtirokchilar orasidan ballar ketma-ketligida 3 nafargacha (1, 2, 3-o‘rinlar) g‘oliblar aniqlanadi. O‘quvchilar barcha fanlardan test sinovlari topshirishadi. Har bir fandan 30 ta test savollari taqdim qilinadi. 90 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob 3,3 ball  miqdorida  baholanadi.  

Olimpiadada 1,2,3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:  

1-o‘rinni egallagan g‘olibga OTM ga o‘qishga kirsa shahar hokimligi tomonidan bir martalik to‘lov shartnoma pulining 100 foizi to‘lab beriladi.

2-o‘rinni egallagan g‘olibga bir martalik to‘lov shartnoma pulining 50 foizi to‘lalanadi.

3-o‘rinni egallagan g‘olib moddiy rag‘batlantiriladi.

1-o‘rin hamda 2-o‘rinni egallagan g‘oliblar OTM ga Davlat byudjeti asosida o‘qishga kirsa, to‘lov shartnoma puliga tenglashtirilgan qiymatda rag‘batlantiriladi.

“Yangiyer olimpiadasi” ni yuqori darajada  tashkil etish va o‘tkazish uchun 8 nafar mutasaddilardan iborat ishchi guruhi faoliyat olib boradi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA