Yangiqo‘rg‘onda “Besh muhim tashabbus” ijrosi doirasida ma’naviyat va ma’rifat maskani ochildi
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbusni amalga oshirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “Ma’naviyat va ma’rifat maskani” foydalanishga topshirildi.
Tog‘oldi tumanda bunday maskanning qurilishi 2023 yilga mo‘ljallangan edi, biroq ushbu ob’ektning teran ahamiyatini his etgan holda qisqa muddatlarda muhtasham maskanni barpo etishga erishildi.

Zamonaviy texnik jihozlar, elektron va bosma kutubxona, xalq amaliy san’ati to‘garaklari xonasi, tadbirlar zali yoshlar, ijodkorlar, kitobxonlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari va boshqa aholi qatlamlari uchun chinakam ma’naviyat o‘chog‘iga aylanadi.

Maskanning ochilish marosimida soha vakillari, ma’naviyat targ‘ibotchilari va mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA