Yаngiobodda shunday maktab bor
Jizzax viloyatining chekka hududida joylashgan kichkina Chakand qishlogʻi va qishloqdagi oʻrta umumiy taʼlim maktabini faqat Yangiobod tumanida emas, qoʻshni Tojikistonda ham yaxshi bilishadi.
Jizzax viloyatining chekka hududida joylashgan kichkina Chakand qishlogʻi va qishloqdagi oʻrta umumiy taʼlim maktabini faqat Yangiobod tumanida emas, qoʻshni Tojikistonda ham yaxshi bilishadi. Boisi shu qishloqdagi maktabni bitirganlar orasidan koʻplab olimlar, yetuk mutaxassislar yetishib chiqqan.
El-yurtning obroʻsi, shuhrati uning moddiy boyligidan koʻra ilm-maʼrifat, madaniyat orqali yuksalishi tarixda ham, bugungi kunda ham isbotlangan. Aholisi ikki tilda gaplashadigan Chakand qishlogʻida joylashgan 6-umumtaʼlim maktabi bu yerdan yetishib chiqqan ilmli kishilari tufayli mashhur boʻlgan. Maktabda 130 nafarga yaqin oʻquvchi tojik tilida taʼlim oladi.
Tarixiy manbalarning dalolat berishicha Chakand, qadim Sugʻd tarkibidagi muhim madaniy manzillardan biri boʻlgan. Qadimda Chakandda madrasa, 6 ta masjid boʻlganligini aytishadi. Bu yerdan yetishib chiqqan ilmli kishilar atrofdagi qishloqlarda, qoʻshni tumanlardagi maktablarda dars berishgan, masjidlarda imomlik qilishgan.
Qishloqning olis oʻtmishidan guvohlik beruvchi tarixiy manbalar anchagina. Bundan yigirma yilcha avval Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining qadimshunoslar guruhi qishloqning Qoʻshtepa hududida olib borgan qazishma ishlari davomida koʻplab dalillar topishgan.
Qishloqdan topilgan tarixiy ashyolar arxeologlarning bu tepalik tabiiy emas, balki ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan qadim qoʻrgʻon oʻrni, degan ilmiy taxminlarini yana bir bor isbotladi. Hozir qishloq maktabi qoshida tashkil etilgan moʻjaz muzeyga ushbu topilmalar va xonadonlarda saqlanib qolgan tarixiy buyumlar, suratlar qoʻyilgan. Muzey xalqimizning boy tarixiy madaniyati bilan yoshlarni chuqur tanishtirishga xizmat qilayotir.
Qadimda ilm maʼrifatli boʻlgan chakandliklar oʻtgan asrda ham mamlakatimiz ilmiy-madaniy tariqqiyotga katta hissa qoʻshgan. Qishloqda yetishib chiqqan ilmli kishilar qoʻshni tumanlardagi maktablarda muallimlik qilgan.
Bu anʼana – ilm olishga intilish hozirgi kunda ham davom etayotir. Qishloqdan keyingi yillarda yetishib chiqqan toʻrt nafar fan doktori, toʻrt nafar fan nomzodi turli ilmiy muassasalarda faoliyat koʻrsatayotir. Bugungi kunda Yangiobodda va qoʻshni tumanlarda chakandlik 40 nafardan ziyod vrach, yana bir qancha boshqa sohalar boʻyicha mutaxassislar ishlab kelmoqda.
– Xalqimizning “Oqqan ariq oqadi” degan maqolida keng maʼno bor, – deydi chakandlik mehnat faxriysi Bekmurod Xolmurodov. – Chakandliklar farzandini oʻqitishni, ilmli qilishni oʻzlarining burchi deb biladi. Shu bois qishloqdagi barcha oilada oliy maʼlumotlilar bor. Masalan, biz oilada olti oʻgʻil, hammamiz oliy dargohni bitirganmiz. Oʻz nabvatida biz ham bolalarimizni oʻqitdik, ular ham farzandlari taʼlimiga eʼtibor bermoqda.
Ilm-maʼrifatga muhabbatni ajdodlardan avlodlarga yetkazib, Chakandning el aro obroʻsini koʻtarayotgan maskan esa, shubhasiz, shu qishloq maktabi. Taʼlim tojik tilida beriladigan maktab oʻquvchilarining oʻzbek tilini mukammal egallashlari, chuqur bilim olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan maktabda boʻlib oʻtgan madaniy tadbirda davlatimiz tomonidan yoshlarga taʼlim berishga, ayniqsa, chekka qishloqlardagi maktablarning sharoitini yaxshilashga katta eʼtibor qaratilayotgani eʼtirof etildi.
Bu ikki tilda soʻzlashuvchi qishloqdagi maktab oʻquvchilarining bilimi fan olimpiadalarida, bilimlar musobaqalarida, har yili oliy oʻquv yurtiga kirayotgan yoshlar sonida ham oʻz ifodasini topgan. Hozirda 40 nafardan ziyod yoshlar respublikamiz turli oliy taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda.– Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millatlar uchun yaratilgan teng imkoniyatlardan foydalanib yoshlarga chuqur bilim berish bilan birga ularni Vatanga muhabbat, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik, baynalminalchilik anʼanalariga hurmat ruhida tarbiyalashga eʼtibor qaratib kelayotirmiz, – deydi maktab direktori Mavjuda Toʻrayeva. – Oʻquvchilarimiz respublikada millatlaro doʻstlik va qardoshlik mavzusida turli maʼrifiy tadbirlarda, “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” festivallarida munosib qatnashib kelmoqda. Maktabimiz binosini yangilash manzilli dasturga kiritilganidan xursand boʻldik. Demak, yoshlarimizga taʼlim-tarbiya berish yana-da yaxshilanadi.
Viloyatning eng olis hududida joylashgan moʻjazgina Chakand qishlogʻi yil sayin koʻrkam va obod boʻlib borayotir. Bogʻ-rogʻlar kengayib, odamlarning turmush farovonligi oʻsmoqda. Shu kichkina qishloqning kichkina maktabini bitirib chiqayotgan yoshlar mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshmoqda.