Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida hududlarda amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Mazkur hujjatda Ramazon oyini milliy an’analarimizga xos bag‘rikenglik, mehr-oqibat va saxovat ruhida o‘tkazish, ehtiyojmand aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa etib belgilab berilgan.

Jizzax viloyatining olis va tog‘li Yangiobod tumanida ham ushbu qaror ijrosi doirasida xayrli ishlar keng quloch yoydi. Tuman imom-xatibi boshchiligidagi imomlar, mahalliy Kengash deputatlari hamda saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan ehtiyojmand, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga manzilli ko‘mak ko‘rsatish tizimli yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan berilgan tavsiyalar asosida joylarda ma’rifiy uchrashuvlar, targ‘ibot tadbirlari va xayriya aksiyalari tashkil etilmoqda. Ramazon oyining mazmun-mohiyati, uning inson ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni haqidagi suhbatlar aholi, ayniqsa yoshlar qalbida ezgu fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tumanda 10 turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan iborat ehson to‘plamlari tayyorlanib, iftorlik dasturxonlari uchun xonadonlarga yetkazib berilmoqda. Bu xayrli ishlar barcha mahallalarda keng qamrovda amalga oshirilayotgani e’tiborga molik.
E’tiborlisi, sa’y-harakatlar faqat moddiy ko‘mak bilan cheklanib qolmayapti. Ular jamiyatda o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, Ramazon insonni shukronalikka, saxovat va bir-biriga yelkadosh bo‘lishga da’vat etadigan muborak oydir.

Yangioboddagi xayrli tashabbuslar Prezident qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosining amaliy ifodasi bo‘lib, yurtimizda ezgulik va insonparvarlik tamoyillari izchil qaror topayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri