English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangiliklar tadbirkorlarga tushuntirilmoqda
15:27 / 2025-10-08

Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasida qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan tadbirkorlar ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.

Unda shahar, tuman soliq inspeksiyalari xodimlari, kichik biznes va tadbirkorlik sub’ekti vakillari videokonferensiya aloqasi orqali ishtirok etdi. 

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 26 fevraldagi “Elektron to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tildi. 

Mazkur qarorga asosan 2025 yil 1 iyuldan boshlab aholiga xizmat ko‘rsatuvchi byudjet tashkilotlari, gaz va neft mahsulotini sotuvchi va mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslar majburiy tartibda elektron to‘lov tizimlariga ulanishi hamda to‘lovlarni ular orqali amalga oshirishi belgilangan. 

Ushbu qarorda ko‘rsatilgan yuridik shaxslar tomonidan to‘lovlarni elektron to‘lov tizimlari orqali qabul qilishni rad etish hisob-kitob terminallari orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etishga tenglashtiriladi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi uchun asos bo‘ladi.

Bunda to‘lovlarni elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda amalga oshirishda to‘lov tashkilotlarining fiskal belgili elektron cheki xaridorning mobil ilovasiga, shuningdek, abonent raqamiga yoki xaridor ko‘rsatgan elektron pochta manziliga yoxud xaridorning shaxsiy kabinetiga yuborilishi kerak. 

Gaz va neft mahsulotini qo‘yish shoxobchalarida to‘lov tashkilotlarida elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR kod doimiy mavjud bo‘lishi hamda to‘lovlarni ular orqali amalga oshirilganda elektron xarid chekini muntazam berilishi shartligi aytib o‘tildi.

[gallery-25650]

– Bu to‘lov tizimi juda qulay ekan. Ba’zi bir xaridorlarning bank plastik kartasi doimo oldida bo‘lmaydi. Shunday vaqtda ular QR skaner qilish orqali to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin ekan, – deydi “Qarshi gaz to‘ldirish shoxobchasi” MCHJ rahbari Asliddin Payziyev. – Biz bu yangilikni faoliyatimizga tatbiq etamiz.

Bu kabi seminarlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilishi belgilab olindi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),

O‘zA muxbirlari