Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YANGILIK: AQSH va Rossiya mutaxassislari O‘zbekiston suzuvchilarini musobaqalarga tayyorlaydi
21:41 / 2022-01-12

Yangi yil mamlakatimiz suv sport turlari vakillari uchun yangicha formatda boshlandi.

Boisi, sinxron suzuvchilar ikkikarra olimpiya o‘yinlari g‘olibi, rossiyalik Yelena Azarov yetakchiligida poytaxtimizdagi "Sahovat" markazida o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishgan bo‘lsa, suzish sporti vakillari respublika olimpiya zahiralari kollejida amerikalik tajribali mutaxassis Genadius Sokolovas ishlab chiqqan zamonaviy metodika asosida mahoratini oshirishmoqda.

Shuningdek, Akbar Sodiqov murabbiyligidagi suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Rossiya ochiq chempionatida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqda. 

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suv sport turlari vakillarining o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari joriy yilning 23 yanvariga qadar davom etadi.

Kuni kecha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov suv sport turlari bo‘yicha murabbiy va mutaxassislar bilan 2022 yilgi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish, munosib ishtirok etish masalasida uchrashuv o‘tkazdi. 
Davlatimiz tomonidan suv sport turlariga yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, nufuzli musobaqalarda munosib natijalarni qo‘lga kiritish borasidagi ishlar tahlil etildi. 

Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari mashg‘ulot jarayonida murabbiylarning ish jurnalidan foydalanmasligi, o‘quv-yig‘in rejasi va dasturlar federatsiya rahbariyati hamda Oliy sport mahorat maktabi bilan kelishilmagani, murabbiylar xonasi kerakli jihozlar bilan ta’minlanmagani, sportchilarning ko‘rsatkichlari monitoring qilinmasligi xususida keskin fikrlar bildirib, bu kabi holatlar qayta takrorlanmasligi bo‘yicha mutasaddilarni qat’iy ogohlantirdi.

Muloqot yakunida suv sport turlari qit’a va olimpiya o‘yinlarida, chempionatlarning kompleks musobaqalarida eng ko‘p medal beradigan dasturlarga egaligi aytilib, Vatanimiz sport dovrug‘ini oshirish murabbiy va mutaxassislar oldidagi asosiy vazifa ekanligi ta’kidlandi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA.