Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanish shiddati yangi ijodiy tashabbuslarga imkon bermoqda
16:54 / 2024-01-22

Qaror va ijro

Mamlakatimizda san’atning barcha yo‘nalishlari kabi opera va balet ravnaqi yo‘lida tizimli ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 27 dekabrda qabul qilgan “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri faoliyatini takomillashtirish, milliy opera va baletimizni keng targ‘ib etish, uning jahon san’at olamida tutgan o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlashda yangi istiqbollarni ochib berdi.  

Mazkur teatr direktori, O‘zbekiston xalq artisti, bir qator xalqaro tanlov va festivallar sovrindori Ramiz Usmonov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.  

– Ramiz Beknazarovich, davlatimiz rahbarining teatr faoliyatiga oid qarori siz rahbarlik qilayotgan ijodiy jamoa faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?    

– Mazkur qaror qabul qilinganidan so‘ng o‘tgan qisqa vaqt mobaynida teatrimizda katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Ijodiy jamoa faoliyatini yanada yaxshilash, yuksaltirish, spektakllarimizni, umuman, opera va balet san’atimizni jahonga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Qarorda ko‘zda tutilgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda opera va baletning nufuzini oshirish, uni jahon miqyosida targ‘ib qilish, klassik asarlaridan xalqimizni bahramand etish, aholi, ayniqsa, olis hududlardagi fuqarolarning madaniy hordiq chiqarishini qo‘llab-quvvatlash, milliy opera va balet san’atini keng ommalashtirish, ijodiy maktablarni har tomonlama rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, teatrlar va ta’lim muassasalari uzviy hamkorligini ta’minlash kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.  

– Qaror teatrning chet ellarga ijodiy safarlarga bemalol chiqishi uchun keng imkoniyatlar yaratgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi, shunday emasmi?  

– Darhaqiqat, mazkur qaror chiqqanidan so‘ng teatrning birinchi gastrol safari Koreya Respublikasiga bo‘ldi. Eng sara spektakllarimiz namoyishi davomida koreyaliklar O‘zbekistonda madaniyat va san’at, ayniqsa opera va balet san’ati ravnaqi mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida ekaniga guvoh bo‘ldilar.  

– Ish jarayonida ko‘proq nimalarga e’tibor qaratyapsiz?    

– Yosh kadrlarni topish, ularni tobora ko‘proq teatrimizga jalb etish, milliy asarlarni sahnalashtirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz. Bu boradagi yutuqlarimiz Ozarbayjonning Boku shahriga qilingan ijodiy safarimizda alohida e’tirof etildi.  

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori Anvar Ergashevning musiqiy rahbar va dirijyorligida “Humo” baleti hamda italyan kompozitori Juzeppe Verdining “Rigoletto” operasi ozarbayjonlik san’at ixlosmandlariga havola etildi. Ayni paytda Ozarbayjon madaniyat vazirligi mutasaddilari bilan birgalikda hamkorlikning yangi qirralari belgilab olindi. Shuningdek, Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahridagi ijodiy safarlarimiz ham muvaffaqiyatli kechdi.   

– So‘nggi paytlarda qanday yangi spektakllar sahnalashtirildi?    

– Prezidentimizning yuqorida nomi keltirilgan qarori chiqqanidan so‘ng teatrda ilk marta O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, atoqli kompozitor Mustafo Bafoyevning “Alisher Navoiy” operasini sahnalashtirdik. Musiqa, she’riyat, milliy xoreografiyani o‘zida mujassam etgan ushbu sahna asari tomoshabinlarga juda manzur bo‘ldi. Shu bilan birga kompozitor Rustam Abdullayevning “Jaloliddin Manguberdi” baletini ham tomoshabinlar iliq kutib oldi.  

– Ma’lumki, teatrda Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi ijodiy jamoalari bilan yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shu haqda ham to‘xtalsangiz.  

– Darhaqiqat, Xitoy Xalq Respublikasining opera va balet san’atkorlari, yetakchi jamoalari teatrimizning doimiy hamkorlaridir. Xitoylik opera va balet ijodiy jamoalari bilan avvaldan hamkorligimiz juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Prezident qaroridan so‘ng bu hamkorlik o‘z rivojining yanada yangi bosqichiga chiqdi.  

2023 yilda bizning jamoa Xitoyda besh kunlik gastrol safarida bo‘ldi. O‘zbekiston opera va balet yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturi, xor jamoasi, simfonik orkestrimizning musiqiy chiqishlarini xitoylik tomoshabinlar katta  

qiziqish bilan kutib oldilar. Konsertlarda jahon va yurtimiz kompozitorlarining operalaridan eng sara namunalar xorijlik muxlislar e’tiboriga havola etildi. Hamkorligimizni yanada kuchaytirishga oid Memorandum imzoladik. Bu gastrol safari teatrimizning eng yirik, natijador ijodiy safari bo‘ldi. Xitoyning bosma va elektron ommaviy axborot vositalari ushbu konsertimizni, umuman, O‘zbekistonda davlat rahbari tomonidan opera va balet san’atiga bo‘lgan e’tiborni keng va batafsil yoritdi.  

Teatrimizda o‘tkaziluvchi “Toshkent bahori” xalqaro opera va balet festivali, “Competizione dell opera” xalqaro italyan operasi tanlovi, turli ijodiy loyihalarda, ochiq osmon ostidagi konsertlarda xitoylik opera va balet yulduzlari, shuningdek, jahonning turli mamlakatlaridan vakillar faol ishtirok etadilar.    

– Davlatimiz rahbarining sohaga oid qarori yangi-yangi ijodiy tanlovlarga yo‘l ochdi. Shular haqida ham to‘xtalsangiz.    

– Qarorga asosan, Halima Nosirova nomidagi birinchi xalqaro opera xonandalari ko‘rik-tanlovi juda katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Unda bir qator xorijiy davlatlardan 90 ga yaqin opera ijrochisi qatnashdi.  

Shu bilan birga qarorga muvofiq, opera va balet san’ati bo‘yicha iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularni yuzaga chiqarish va rag‘batlantirish tizimini joriy qilish maqsadida har yili an’anaviy tarzda fevral oyida “Yosh vokal ijrochilari”, aprel oyida “Yosh balet ijrochilari”, iyun oyida “Dirijyor, rejissyor va baletmeysterlar” respublika ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish keng yo‘lga qo‘yildi. Bunday tanlovlar respublika miqyosda yangi ovoz sohiblarini kashf etishga xizmat qilmoqda. Xo‘janazar Jumayev, Aminzoda Jumaniyozov, Kamoliddin Muhammadaliyev, Lenara Zokirova, Farrux Isamatov, Navro‘za Mamarajabova, Fotima va Zuhra Tursunboyeva, Shuhrat Choriyev kabi yoshlar shular jumlasidandir. Ayni paytda teatrga Turkiya, Italiya, Belarus Respublikasi, Rossiya va boshqa davlatlardan san’atkorlar, baletmeysterlarni taklif etish, qo‘shma spektakllar, yangi-yangi ijodiy loyihalar ustida ishlash, yana ko‘plab xorijiy davlatlarga ijodiy safarlarga borishni rejalashtirganmiz. Bir so‘z bilan aytganda, yangilanish shiddati yangi ijodiy tashabbuslarga qanot bermoqda.  

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!    

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.