Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam keng nishonlanmoqda.
Nukus shahridagi I.Savitskiy nomli Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi, Yoshlar markazi hamda “Istiqlol” bolalar dam olish markazi yonidagi bayramona bezatilgan xiyobonlarda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” shiori ostida teatrlashtirilgan adabiy-musiqiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Qadim tarixga ega Navro‘zi olam – sharqona yangi yil o‘zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan ham milliy bayramdir. Bahorning kirib kelishi bilan mirishkor dehqonlarimiz, fermerlarimiz katta umid bilan yerga urug‘ qadamoqda.
Azaldan ma’lumki, milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat bayrami hisoblanadi. Konsert dasturi “Bahor, bahor” kompozitsiyasi bilan boshlandi. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri, “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, “Maqom” ansambli, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari artistlari va raqqosalari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari ijrosidagi konsert dasturi tadbirga fayz bag‘ishladi.
Yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, qiz yigitlar aytishuvi, turli millat vakillari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarni yig‘ilganlar katta qiziqish bilan tomosha qildi. Bayram tadbirlari doirasida turli sport musobaqalari hamda xayriya aksiyalari o‘tkazilib, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
Yasharish va yangilanish ayyomi Navro‘zga bag‘ishlangan bayram tadbirlari Orolbo‘yining barcha tumanlarida davom etmoqda.
[gallery-6259]
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA