Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanib borayotgan ko‘hna va boqiy Buxoro
10:07 / 2023-08-10

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarni erkinlashtirish, inson qadrini ulug‘lash hamda odamlarning farovon yashashi uchun munosib sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buxoro viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, aholi daromadlarini oshirish, ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan soliq islohoti, ochiq va jamoatchilik takliflarini inobatga olgan holda davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish, davlat korxonalarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish hamda resurslarni taqsimlash tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish borasidagi chora-tadbirlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Buxoro viloyatiga kelgan kishining o‘zgarishlar va bunyodkorlik ishlaridan ko‘ngli yayraydi. Yangi O‘zbekistonning nafasini his etadi.

Darhaqiqat, bugun shahar va tumanlar yanada obod va ko‘rkam maskanlarga, chinakam islohotlar maydoniga aylangan. Prezidentimizning viloyatga tashrifi chog‘ida amalga oshiriladigan har bir islohot, avvalo, inson qadr-qimmati, sha’nini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganligini alohida ta’kidlash lozim. Bugun joylarda keng ko‘lamda quloch yozib, xalq roziligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar oddiy odamlar hayotida o‘z aksini ko‘rsatmoqda.

Viloyatda joriy yilning birinchi yarim yilligida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 105,3 foizga o‘sgan. Qurilish ishlari hajmining o‘sish sur’ati 105,1 foiz,xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichi 109,1 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 104,2 foizga o‘sgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda an’anaviy va muqobil energiya stansiyalarini qurishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buni Buxoro viloyatida Saudiya Arabistoni Qirolligining “ACWA POWER” xorijiy kompaniyasi sarmoyasi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar misolida ham ko‘rish mumkin.

Viloyatning Peshku va G‘ijduvon tumanlarida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan har birining quvvati 500 MVtdan bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Mazkur loyiha doirasida “Envision” kompaniyasining (Xitoy) birinchi 6,5 MVt quvvatli turbinasi o‘rnatildi. Turbina minorasining balandligi 100 metr, shamol parraklarining har biri esa 84 metrni tashkil qiladi. Ushbu yirik loyiha doirasida jami 158 ana shunday shamol turbinalari o‘rnatiladi.Mutasaddilarning ta’kidlashicha, shamol elektr stansiyasi 2025 yilda to‘liq ishga tushadi. Ob’ektning foydalanishga topshirilishi natijasida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 79 shamol trubinalari o‘rnatish orqali yiliga 1,8 milliard kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu Buxoro viloyatidagi aholi va iqtisodiyot tarmoqlari elektr energiyasi iste’molining 42 foizni qoplaydi.Shu bilan birga shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida yiliga 550 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Ushbu loyiha tarmoqning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, minglab xonadonlar va yangi korxonalarni “yashil” energiya bilan ta’minlash imkonini beradi. Mazkur investitsiya loyihasi yurtdoshlarimiz turmush darajasini oshirish, ular uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, farovon hayot barpo etish yo‘lida Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning uzviy davomi, Buxoro viloyatida yangi sanoat davrini yaratish yo‘lidagi yirik qadamlardan biridir.

Qorovulbozor tumanida Xitoy Xalq Respublikasining “China Gezhouba Group Overseas Investment Co. Ltd.” kompaniyasi tomonidan qiymati 400 million dollarga teng bo‘lgan quvvati 500 MVtli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda.Loyihani amalga oshirish maqsadida Qorovulbozor hududidan 996 gektar yer maydonlari tanlab olingan. Loyiha 2024 sentyabrida to‘liq quvvatda ish boshlaydi. Joriy yil yakunigacha dastlabki 200 megavatt quvvatlar ishga tushiriladi. Bu stansiya to‘liq quvvatda ishlasa yiliga 1,3 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqaradi.

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, Buxoro viloyatida energetika sanoatini yanada rivojlantirish uchun 2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan 1 ta gaz-porshenli elektr stansiyasi, 2 ta shamol va 2 ta fotoelektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan.

Buxoro viloyati “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining Kogon tumani hududidagi “Siyovush Tekstil Buxoro” MCHJ da qiymati 36 million dollarga teng, yillik quvvati 40 ming tonna akril ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushdi.

Loyiha ishga tushirilishi natijasida viloyatda sifatli akril ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali esa viloyatning eksport ko‘rsatkichlari uchun qo‘shimcha 6 million dollarlik zaxira bazasi yaratildi. 4,5 milliard so‘mlik byudjetga qo‘shimcha tushumlar tushishi ta’minlanadi. Korxonada 1200 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, akril ip-kalava hamda undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq mahalliylashtiriladi. Ayni paytda xorijlik hamkorlar bilan birgalikda keyingi bosqichda korxona faoliyatini yanada kengaytirish ustida ish olib borilmoqda. 

Kogon tumani “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Bukhara Gold Granit” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilishda foydalaniladigan granit mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.Loyihaning umumiy qiymati uch million AQSH dollari bo‘lib, uning 1,5 million dollari tashabbuskorning o‘z mablag‘i hisoblanadi. 1,5 million dollari esa “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki Buxoro mintaqaviy filiali tomonidan ajratilgan.

Granitlarga Turkiyadan olib kelingan zamonaviy texnikalar bilan ishlov beriladi. Ishchi-xodimlar turkiyalik mutaxassislardan mazkur texnikalardan foydalanish sirlarini o‘rganmoqda. Ishlab chiqarayotgan granit mahsulotining umumiy hajmi 120 ming kvadrat metrga yetadi. Zamonaviy xorij dastgohlari yordamida ishlab chiqarilayotgan tayyor materiallar, avvalo, viloyatda barpo etilayotgan qurilish inshootlariga yetkazib beriladi. Mahalliy ehtiyojdan ortiq qismi xorijga eksport qilinadi.

Turizm – asosiy daromad manbai

Ko‘hna va boqiy Buxoroning turizm salohiyatini yanada yuksaltirish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, turistik yo‘nalishlarni ko‘paytirish, yangi mehmonxona va mehmon uylarini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish va servis xizmatlarini takomillashtirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Buni yangilanib borayotgan ko‘hna va boqiy Buxoroga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan yilga oshayotganida ko‘rish mumkin. 2021 yilda xorijiy sayyohlar soni 30 ming 800 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatgich 550 ming nafarga yetgan. Joriy yilning dastlabki choragida boqiy Buxoroni ko‘rish istagida kelgan chet ellik sayyohlar soni 400 mingtaga yetgan.

Ko‘hna va boqiy Buxoro o‘ziga xos jozibasi bilan mehmonlarni maftun etadi. Sayohat qilish uchun internetdan izlab, aynan Buxoroni tanlayotgan chet ellik sayyohlar kundan-kunga ortib bormoqda. Negaki, ko‘p ming yillik bu tarixiy evrilishlar davrini bosib o‘tgan shaharning takrorlanmas me’moriy obidalarida o‘zgacha sehr, mahobat bor. Labi hovuz, Ark qo‘rg‘oni, Nodir devonbegi madrasasi, Somoniylar maqbarasi, yana boshqa obidalar dizayni, sharqona go‘zalligi bilan ajralib turadi.

Mahalliy sayyohlar misolida olsak, 2021 yilda 1 million 405 ming, 2022 yilda 2 million 700 mingdan ortiq mehmon Buxoroga tashrif buyurgan. Qadim an’ana va urf-odatlar, tarixiy ahamiyatga ega me’moriy obida va inshootlarga qiziqib sayohat uyushtirgan. Joriy yilning aprel holatida esa bu ko‘rsatgich 1 million 200 ming kishini tashkil etgan.

Ma’lumot uchun viloyatga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlarning 58 foizi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari, 21 foizi Ko‘hna Qit’a –Yevropa davlatlari, 17 foizi Osiyo mamlakatlari, 4 foizi Amerika qit’asi va boshqa yurtlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar qadimiy va hamisha navqiron, boqiy Buxoroga 1 million 200 mingdan ortiq xorijiy, 3 millionga yaqin mahalliy sayyohning tashrifi kutilmoqda. O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, sayyohlarning Buxoroda bo‘lish davri o‘rtacha 3,5-4 kunni tashkil etmoqda. Ularning kunlik xarajati esa xorijlik mehmonlarda 250 AQSH dollarini, mahalliy sayyohlarda esa o‘rtacha 350 ming so‘m hisobida ekan. Bu ko‘rsatkich iqtisodiy jihatdan ayni kunda viloyatda turizm yo‘nalishlari safini kengaytirish orqali mehmonlarning shaharda qolish muddatini uzaytirish choralarini ko‘rishni taqozo etmoqda. Ko‘hna va boqiy Buxoroning iqtisodiyoti o‘sishi uchun xizmat qiladigan asosiy yo‘nalishlardan biri bu xizmatlar ko‘rsatish servis sohasi hisoblanadi. Buxoro shahriga 2022 yilda 3,5 million mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 5 milliondan oshirish kutilmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, hudud sayyohlik salohiyati ham ortib bormoqda.

Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, navbatdagi muhim vazifa sayyohlar, mahalliy mehmonlarning qadim shaharda bo‘lishlari muddatini cho‘zish hisoblanadi. Buning uchun ularga namunali xizmat ko‘rsatish sifatini yuqori darajaga ko‘tarish zarur. Bu borada keyingi yillarda tarmoq faoliyatiga bevosita daxldor tashkilot hamda idoralar zimmasiga bir qator vazifalar yuklatildi.

Turizm tarmog‘ini takomillashtirish xususida gap borganda, o‘tgan yili sentyabr oyida Davlat rahbari boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sayyohlik tizimini tubdan yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar qatorida mutasaddilarga mamlakatimizdagi 1 ming 200 dan ziyod ziyoratgohlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, yiliga kamida 1 million nafar sayyohni jalb qilish dasturini tasdiqlashga ko‘rsatma berilganini e’tirof etish joiz. Unda ta’kidlanganidek, yurtimizga ziyoratga kelayotgan turistlarning mazhabi, tariqati, yondashuvi har xilligini inobatga olib, qaysi din yoki mazhab vakillariga qanday taom, ovqatlar taklif qilishni, mehmonxona va ibodat joylarini qanday jihozlashni ilmiy yondashuvlarsiz qilib bo‘lmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Muqaddas joylar, avliyo va pirlar haqida batafsil ma’lumot bera oladigan mutaxassislar hamda gidlar tayyorlash ham muhimligi aytilgan. Shu munosabat bilan Islom akademiyasi, “Ipak yo‘li” universitetiga muddatda ziyorat turizmi oqimi ko‘p bo‘lgan davlatlar uchun ilmiy asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish topshirilgan.

Buxoroda sayyohlik oqimini ko‘paytirishga xizmat qiluvchi muhim omillardan biri bu gastronomik turizmdir. Bu yo‘nalishda Buxoro tajribasi asosida 50 ta tom qismida alohida milliy va sharqona ko‘rinishda ta’mirlangan restoran hamda kafeteriy ko‘rinishidagi gastronomik inshootlar tashkil etilmoqda. Bu 500 taga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.Bugungi kunda Buxoro tajribasi asosida joylarda 54 ochiq terrasa tashkil etildi. 1350yangi ish o‘rni yaratilib, mehmonlarga yuqori darajada gastronomik xizmat ko‘rsatish boshlandi. 2023 yil yakuniga qadar turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qadim shaharda yana 15 mehmonxona, 20 oilaviy mehmon uyi, 10 xostel ishga tushiriladi. Ularning barchasida ochiq terrasa, restoran va kafeteriylar tashkil etish hisobidan 4200 yangi ishchi o‘rni yaratish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, Buxoro shahrining salohiyati va mavjud imkoniyatidan foydalangan holda yana 8 markaziy ko‘chada joylashgan tashkilotlarning 50 taga yaqin zamonaviy dizayndagi binolari birinchi qavatida yuzdan ziyod restoran va kafeteriy, servis joylarini tashkil etish imkoniyati o‘rganilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, yo‘l bo‘ylarida joylashgan 4 mingga yaqin ma’muriy binodan servis sohasida samarali foydalanish, 8 markaziy ko‘chadagi inshootning tom qismida yuzdan ortiq kafeteriy va restoran barpo etib foydalanishga topshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Hududda joriy yilda xorijiy va mahalliy sayyohlarga doimiy xizmat ko‘rsatadigan restoranlarning soni 81 tani tashkil etadi. Ayniqsa, bino-inshootlar tom qismlarida terrasalar faoliyatini kengaytirish orqali xizmatlar sifati va hajmini kengaytirib, qadim shahar bo‘yicha 2021-2022 yillarda hududiy investitsiya dasturlari hamda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan 54 terrasa tashkil etiladi. Bir vaqtning o‘zida 2788 nafar mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Asosiysi, yangicha yo‘nalish deya e’tirof etilayotgan bu loyiha mahalliy va xorijiy sayyohlarda birdek qiziqish uyg‘otmoqda.

Buxoro viloyati ishsizlikdan xoli hudud bo‘ladi

Viloyatda 2023 yilning 1 yanvar holatida 2 million 24ming nafar aholi bo‘lib, mehnat resurslari 1 million 93ming kishini tashkil etadi. Shundan, ish bilan band aholi 784,5ming, ishsizlar 76,2 ming kishi. 2023 yilda 250 mingta, (shundan, 101,1 ming doimiy) 1-yarim yillikda 108 mingta ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. 2023 yilning birinchi yarim yilligida 264,2 mingta (shundan, 107,4 mingta doimiy) ish o‘rinlari yaratilib, dastur ijrosiortig‘i bilan bajarildi. 

Viloyatda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida to‘rtta tuman ishsizlikdan xoli hududga aylantirildi. Jami viloyat bo‘yicha 472 (umumiy mahalla soniga nisbatan 86 foiz) mahalla ishsizlikdan xoli mahalla toifasiga o‘tkazildi. Yil yakuniga qadar viloyatni ishsizlikdan holi hududga aylanishiga erishiladi. Viloyatda “20 ming tadbirkorga 500 ming malakali ishchi”ni biriktirish dasturiga asosan 735 salohiyatli tadbirkorlarga 24,7 ming nafar ishsizlar biriktirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar hisobidan 30,7 milliard so‘m mablag‘ qoladi.

Joriy yil 1 iyul holatida 40,4 mingta oilalarning daromadi 2,4 million so‘mdan o‘rtacha 3,3 million so‘mga ortdi. 2023 yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasi 11,2 foizdan 10 foizga pasaytiriladi. Shuningdek, kamida 58mingta kambag‘al xonadonlarning daromadi yana ko‘tariladi. 1- va 2-toifadagi  daromadi kam hamda qo‘shimcha daromad topish istagida bo‘lgan xonadonlar soni 268,4 mingtadan 195 mingtaga kamaytiriladi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatning Qorako‘l tumanida IT-klaster faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu ayni paytda yangicha yondashuv asosida ishlarni tashkil etishga xizmat qilmoqda.Ma’lumotlarga ko‘ra, tez fursat ichida tumanda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berish va IT -xizmatlar eksportiga ixtisoslashtirilgan Qorako‘l IT-klasteri faoliyat boshlaydi.Qorako‘l ta’lim tajribasi bugun xorijning bir qator nufuzli oliygohlarining e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, tuman yoshlarining aniq fanlar bo‘yicha qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini ko‘pchilik alohida e’tirof etyapti. Davlat rahbari tashabbusi esa bu boradagi ishlarni yangi bosqichga chiqarishga xizmat qiladi.

IT– klaster doirasida tumanda bir qator yangi inshootlar qad rostlaydi. Xususan, zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Laboratoriyalar va ilmiy-tadqiqot markazlariga ega universitet faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Masofaviy IT -xizmatlar eksporti markazi, ilmiy-tadqiqot markazlari, o‘quv laboratoriyalari va startap loyihalarni rivojlantirish inkubatsiya markazi bunyod etiladi. Bu ham mamlakatimiz yoshlari uchun ta’lim tizimida katta imkoniyatlar eshigini ochadi. 

[gallery-13067]

Hindistonning nufuzli Acharya oliygohi bilan birgalikda birinchi bosqichda 2023 yil 31 dekabrgacha ma’muriy bino, o‘quv laboratoriyasi va 5 600 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binolari quriladi. Ikkinchi bosqichda 2024 yil 1 sentyabrgacha 1 300 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi, 15 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona, 100 o‘ringa mo‘ljallangan inkubatsiya markazi, 200 o‘ringa mo‘ljallangan masofaviy IT -xizmatlar eksporti markazi, oshxona, ochiq va yopiq turdagi sport inshootlari qurish rejalashtirilgan.Zamonaviy fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan Qorako‘lda IT-klasteri yurtimiz ta’limida yangi sahifa ochadi.

Viloyatda joriy yilning o‘tgan olti oyida barcha manbalar hisobidan 5,5milliard so‘m mablag‘ hisobiga 20ta ob’ektda 108,2 kilometr ichimlik va oqava suv tarmog‘i qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildiNatijada, ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 69foizdan 73,1foizga ortdi. 2023 yilda aholini ichimlik va oqova suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 328,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 250dona suv quduqlari qurish va rekonstruksiya qilish orqali ta’minlanganlik darajasini 73,5foizga yetkazilishi  rejalashtirilgan.

Raqamlar amaliyotdan so‘zlaydi. Yuqoridagi misollarni yo‘nalishlarning barcha sohalarida kuzatish mumkin. Quvonarlisi shundaki, bayon etilgan raqamlar eng avvalo aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining har bir tashrifidan so‘ng yangilanib borayotganko‘hna va boqiy Buxoroda bu kabi qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari keng ko‘lam va yangicha suratda amalga oshirilib, tanib bo‘lmas qiyofa kasb etmoqda. Shu jihatdan Prezidentimizning navbatdagi tashrifi ham Buxoro va buxoroliklar hayotida yangi sahifalar ochadi. Hudud rivoji, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslarga boy bo‘ladi.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA