Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilangan strategiyada sud-huquq tizimini isloh etish bo‘yicha qanday o‘zgarishlar ko‘zda tutilmoqda?
12:45 / 2026-01-28

“O‘zbekiston - 2030” strategiyasi loyihasida sud-huquq tizimini isloh etish va davlat boshqaruvini xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi ochiq hamda samarali tizimga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson manfaatlariga yo‘naltirish, jinoyatchilikni kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni sud va ijro tizimlariga joriy etish orqali adolatli, shaffof va samarali boshqaruvni ta’minlash maqsad qilingan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida strategiyadagi shu jihatlar soha mutasaddilari ishtirokida muhokama qilindi.  

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov strategiyaning yangilanishi xalqimiz farovonligida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.  

[gallery-27338]

Oliy sud raisining o‘rinbosari Malika Qalandarova  Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish – sud-huquq islohotlarining bosh mezoni ekanini qayd etdi.  

Strategiyada sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish, sudga qadar hal etilishi mumkin bo‘lgan nizolar yuzasidan sudlarga kelib tushadigan ishlar sonini 50 foizga kamaytirish kabi vazifalar belgilangan.      

Sudlar faoliyatiga xalqaro standartlarga mos yangi institutlarni joriy etish orqali odil sudlov sifati oshiriladi. Jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda “xalq vakillari hay’ati” (jury) ishtiroki bosqichma-bosqich joriy etiladi.  

Tergov sudyalari vakolatlarini kengaytirish, jinoyat protsessida inson huquqlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini kuchaytirish, sud ishlarini xolis, har tomonlama va adolatli ko‘rib chiqish amaliyotini ta’minlash kabi vazifalar belgilangani aytib o‘tildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova yangilanayotgan  strategiyada sudlar va tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyati yaratilayotganiga to‘xtalib o‘tdi.  

Sud va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini ta’minlash jarayoniga “Sun’iy intellekt” texnologiyalarini joriy etish orqali ijro ishlarining 30 foizini majburlov choralarini qo‘llamagan holda ijrosini ta’minlash kabi vazifalar belgilanmoqda.  

Ijro hujjatlari undiruvini inson omilisiz amalga oshirish  amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, ijro hujjatlari kelib tushishi bilan qarzdor SMS va ovozli robot orqali darhol xabardor qilinadi.  

Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi mas’ullari, siyosiy partiyalarning faollari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.  

N.Abduraimova,

F.Abdurasulov (surat),

O‘zA