Mirzaobod tumanining Mirzo Ulug‘bek mahallasi hududida joylashgan 15-umumta’lim maktabining qo‘shimcha 240 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi investitsiya dasturi doirasida 4 milliard 285 million so‘m mablag‘ hisobiga yangidan qurilib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Shunga yarasha o‘quv xonalari zamonaviy o‘quv jihozlari bilan jihozlandi, 3 dona elektron doska keltirilib, sinf xonalarga o‘rnatildi. Bundan tashqari, maktab sport zali, eski maktab binosi qayta ta’mirlanib, yangi jihoz va sport inventarlari bilan ta’minlandi.
–Umumta’lim maktabimizning eski binosi 1974 yilda qurilgan bo‘lib, bir vaqtlar bog‘cha, keyinchalik zarurat yuzasidan maktabga aylantirilgan. Qayta bir necha bor ta’mirlangan bo‘lsa-da, aholimiz soning o‘sishi, bola sonining ko‘payayotgani turli muammolarni keltirib chiqarayotgandi.Chunki, eski maktab binosida bor yo‘g‘i 10 ta sinf xonasi bo‘lib, unda bir vaqtning o‘zida 497 nafar o‘quvchiga dars mashg‘ulotlarini o‘tkazishning hech iloji yo‘q edi. Ikki smenada dars soatlari tashkil etilgan bo‘lsa-da, o‘qituvchi va o‘quvchilarga qiyinchilik tug‘dirardi. Davlatimiz rahbarining maktabgacha va maktab ta’limiga bo‘lgan e’tibori tufayli barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan, yangi va zamonaviy maktab binosiga ega bo‘ldik, – deydi umumta’lim maktabi direktori Nigora Tojiqulova.
–Ko‘rib turganingizdek, yangi va zamonaviy ko‘rinishdagi maktab binosi mahallamiz aholisining, qolaversa, maktab o‘qituvchilarining ko‘p yillik orzusi edi. Bugun esa, shu orzumizga erishdik. Shart-sharoitni aytmaysizmi, havas qilgulik. Ularni ko‘rib, qayta bola bo‘lib qolgim, shu maktabda qayta o‘qigim kelib qoldi, – deydi Ismat bobo Farmonov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri