Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilangan madaniyat va istirohat bog‘i qayta ish boshladi
15:31 / 2025-08-26

Asaka tumani kundan-kunga yuksalib, chiroy ochib borayotgan yurtimizning eng obod go‘shalaridan biridir. Ayniqsa, mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami arafasida tumanda barpo etilgan yangi-yangi ob’ektlar foydalanishga topshirilayotganligi asakaliklarga xursandchilik, bayramona kayfiyat ulashmoqda.

Bayram arafasida qurilish, ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan tuman markazidagi Toshkenboy Egamberdiyev nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i foydalanishga topshirildi.

Tumanda aholining mazmunli dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Tuman markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida amalga oshirilgan qurilish, bunyodkorlik ishlari natijasida bog‘ butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. 

Madaniyat va istirohat bog‘i ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan tuman hokimi Nasibillo Mo‘minov va boshqalar mamlakatimizda aholi turmush farovonligini yuksaltirish, xususan, aholining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, madaniy hordiq chiqarishlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan xayrli ishlar xususida gapirdi. 

[gallery-24962]

Qisqa muddat ichida umumiy maydoni 8,5 gektar bo‘lgan mazkur madaniyat va istirohat bog‘ida katta hajmdagi obodonlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Bog‘ hududiga minglab gul ko‘chatlari o‘tkazildi, yashil maydonlar barpo etildi, yo‘laklarga plitkalar yotqizildi. Yo‘laklarning ikki yoniga turli ko‘rinishdagi panno va afishalar, bog‘ning tungi vaqtda ham charog‘on bo‘lishi uchun ko‘plab yoritgich va chiroqlar, shuningdek, zamonaviy o‘rindiqlar, chiqindi qutilari ham o‘rnatildi. Eskirgan attraksionlar ta’mirlandi va yangilariga almashtirilmoqda. Hozirga qadar 15 turdagi yangi attraksion o‘rnatildi. Ularning sonini 20 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bog‘ hududidagi stadion kapital ta’mirlanmoqda. Yaxna ichimliklar, muzqaymoqlar bilan savdo qiluvchi kafe va savdo do‘konlari ishga tushirildi. Natijada madaniyat va istirohat bog‘i tumandagi eng obod va gavjum maskanga aylandi.

– Tumanimiz markazidagi madaniyat va istirohat bog‘ida katta hajmdagi qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, – deydi “Nuroniy” uyushmasi tuman bo‘limi rahbari Isroiljon Sultonov. – Ushbu so‘lim va xushmanzara maskan aholi, ayniqsa, bolajonlarimiz miriqib dam oladigan, madaniy hordiq chiqaradigan barcha qulayliklarga ega zamonaviy majmuaga aylandi. 

Madaniyat va istirohat bog‘ining ochilishi haqiqiy bayram sayliga aylandi, el suygan san’atkorlar, badiiy jamoalar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi tadbir ishtirokchilari va mehmonlarga xushnudlik bag‘ishladi.

Muxtasar qilib aytganda, o‘zgacha ko‘rk va qiyofaga ega bo‘lgan madaniyat va istirohat bog‘i asakaliklar va shahar mehmonlarining bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazadigan, ayniqsa, bolajonlarning sevimli maskaniga aylandi. 

Bu kabi o‘zgarishlar – yurt obodligi, xalqimiz turmush farovonligi yuksalib borayotganligi fuqarolarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. 

F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari