O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi eng asosiy qonunimizdir. U tenglik, qonuniylikni ta’minlash, inson huquqlari mutloq ustuvorligiga asoslangan zamonaviy o‘zbek davlatchiligining fundamental asoslarini aniqlab beradi.
Shuni qayd etish lozimki, Asosiy qonunimizning muqaddimasidan tortib, yakunlovchi qoidalariga qadar inson, uning qadr-qimmati, farovonligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik g‘oyalari ustuvor o‘rin tutadi. Har bir modda va normaga insonparvarlik g‘oyalari chuqur singdirilgan.
Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ijtimoiy davlat kafolati bo‘ldi. Chunki yangilangan Bosh qomusimizda davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ko‘paytirildi.
Shuningdek, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar to‘rt barobarga ko‘paytirildi. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar esa qariyb 2 barobarga oshirildi.
Shuningdek, Asosiy qonunimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qoidalar, mehnat munosabatlarini tashkil etishga qaratilgan normalar yanada takomillashtirildi.
Konstitutsiyamizda ijtimoiy himoya masalasining mustahkamlanishi davlatning asosiy islohotlari inson manfaatlariga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi. Bu normalar fuqarolarning ijtimoiy barqarorligini ta’minlash, adolatli jamiyat qurish va davlatning demokratik xususiyatini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiya xalq farovonligi va taraqqiyoti, mamlakat ravnaqi uchun xizmat qiladigan muhim hujjat sifatida doimo hayotimizda, faoliyatimizda alohida o‘ringa ega bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA