French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilangan Konstitutsiyamiz Uchinchi renessansni barpo etish yo‘lida mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi
17:15 / 2023-05-08

-

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

Oliy Majlis palatalari a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqi

 

Hurmatli parlament a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari!

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Xabaringiz bor, shu yil 30 aprel kuni mamlakatimiz hayotida, hech shubhasiz, tom ma’nodagi ulkan tarixiy voqea bo‘lib o‘tdi. Birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik.

Referendumda qatnashgan fuqarolarimizning mutlaq ko‘pchiligi “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb g‘urur bilan ovoz berdi.

Referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda ko‘rsatdi. Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz bundan olti yil oldin boshlagan islohotlarimizga katta ishonch bilan qarab, ularni to‘la qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. El-yurtimizning ana shunday azmu qarori asosida davlatchiligimiz va iqtisodiyotimizni bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi.

Bularning barchasi – millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimiz “qilsa bo‘lar ekan-ku”, deb, o‘z ro‘zg‘ori, oilasi misolida yurtimizda yuz berayotgan katta o‘zgarishlarni yaqqol sezayotganidan dalolat emasmi?

Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol va munosib ishtirok etdilar. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz.

Albatta, xalqimizning referendumdagi ovozi, bildirgan yuksak ishonchi barchamizga katta mas’uliyat yuklaydi, el-yurtimizni rozi qilish uchun bizni yangi marralarga undaydi, islohotlarni jadal davom ettirishda yanada katta kuch-g‘ayrat va ilhom bag‘ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, o‘zining yuksak fuqarolik burchini chin dildan ado etib, Asosiy qonunimizni qabul qilishda amaliy taklif va tashabbuslari, g‘oya va fikrlari bilan faol ishtirok etgan ko‘pmillatli, mard va olijanob xalqimizga ta’zim qilaman.

Shu bilan birga, jamiyatimizdagi yangilanish va o‘zgarishlarni amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatib, ezgu ishlarimizda bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan muhtaram nuroniylarimiz, ilm-fan va madaniyat arboblari, ziyolilarimizga, jonkuyar o‘qituvchi-murabbiylar va shifokorlarimizga, iqtisodiyotimiz rivojiga yangi kuch berayotgan tadbirkorlarimizga, ishchi-xizmatchilar, mirishkor dehqon va fermerlarimizga, klasterlar xodimlariga,  jamiyatimizning tayanch ustuni bo‘lmish mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va profilaktika inspektorlariga, kelajagimiz egasi bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarimizga, bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning barcha haqiqiy vatanparvarlariga  samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ayni paytda xalq bilan muloqot qilib, uning fikrini olib, Asosiy qonunimizni takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shgan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolariga, barcha deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar vakillariga, qonun loyihasini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqishda faol ishtirok etgan olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarga, referendum jarayonlarini haqqoniy yoritib, o‘zining xolis fikrlarini bildirgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga, xalqaro kuzatuvchilarga alohida tashakkurlar aytaman.

Aziz vatandoshlar!

Hech shubhasiz, xalqimiz o‘z tanlovini amalga oshirib, yangilangan Konstitutsiya uchun ovoz bergan 30 aprel sanasi tariximizda unutilmas yorqin sahifa bo‘lib qoladi. Aynan shu kuni ko‘pni ko‘rgan, hayot ma’nosini, tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqladi.

Qadim tariximizdan kelib chiqqan holda, ota-bobolarimizga xos ezgu qadriyatlarni ro‘yobga chiqarish, ya’ni insonni ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, odamlarimiz bilan bamaslahat ish ko‘rish biz uchun chinakam demokratiya namunasidir.

Xalqimizda “Birdamlik bor joyda ildamlik bor”, degan dono naql bejiz aytilmagan. Chindan ham, o‘zaro ahillik va hamjihatlik bo‘lgan yurtda albatta qut-baraka, taraqqiyot bo‘ladi.

Bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘pmillatli buyuk xalqimizdir. Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do‘stlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb, qat’iy belgilab qo‘yilgani tarixiy ahamiyatga ega. Xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy qonunda muhrlangan bu prinsiplar – mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon o‘zgartirilmaydi.

Dunyoda kundan-kunga yangi-yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo bo‘layotganini barchangiz ko‘rib turibsiz. Eng nufuzli siyosatshunos va ekspertlar ham, “aql markazlari” ham jahonda sodir bo‘layotgan hozirgi ziddiyat va to‘qnashuvlar qachon va nima bilan tugashini ayta olmayapti.

Shunday murakkab vaziyatda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor o‘rinda turishi shart. Buning uchun, birinchidan, ota-bobolarimizning asriy armoni bo‘lgan, tengsiz va buyuk ne’mat – mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirish barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanini unutmasligimiz zarur.

Bizning uch ming yillik davlatchilik tarixiga, boy va betakror madaniyatga ega bunyodkor xalqimiz bor. Qirq millionga yaqinlashib borayotgan bugungi O‘zbekiston xalqining taqdiri va istiqboli, farovon hayoti uchun barchamiz mas’ul va javobgarmiz. Shu sababdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni asrash va mustahkamlash bundan buyon ham eng muhim vazifamiz bo‘lib qoladi.

Shu maqsadda milliy xavfsizlikni ta’minlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqamiz.

El-yurtimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash uchun “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz ko‘cha” konsepsiyalarini jadal amalga oshiramiz. Buning uchun yangi tashkil qilingan “mahalladagi beshlik” tizimini davlat va jamiyat tomonidan har jihatdan qo‘llab-quvvatlaymiz. Fuqarolararo totuvlik, millatlararo do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda tinchliksevar tashqi siyosatimizni davom ettirib, uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stlik aloqalarini, barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantiramiz.

Biz mamlakatimiz suverenitetini yanada mustahkamlashda global iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat, energetika, logistika bilan bog‘liq xavf-xatarlar, suv taqchilligining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha yangi tashabbus va dasturlar ishlab chiqib, hamkorlarimiz bilan birga faol ish olib boramiz.

Ikkinchidan, biz O‘zbekistonni ijtimoiy davlat, deb e’lon qildik.

Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod oilalar ijtimoiy ko‘makka muhtoj. Aholimizning 55 foizi yoshlardan iborat.

Shu o‘rinda bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta’minlash uchun juda ko‘p ishlashimiz zarur. Bunga davlat byudjetidan har yili qo‘shimcha 30-40 trillion so‘m ajratish kerak bo‘ladi. Buning hisobidan, har yili yuzlab yangi bog‘chalar, maktab va shifoxonalar qurishimiz lozim.

Yoshlar siyosatini, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ham yangi imkoniyatlarni safarbar etamiz. Nuroniylar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan insonlar, alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytiramiz. Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini muntazam oshirib boramiz.

O‘zimizga savol beraylik nima uchun aholimiz referendumda bunchalik faol bo‘ldi?

Nimaga ular islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda? Chunki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq va ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va ko‘chalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rayaptilar.

Birgina misol, o‘tgan yildan boshlab “ochiq byudjet” tizimini joriy etganimiz qishloq va mahallalardagi oddiy odamlarimiz kayfiyatiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatganini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz. Lekin, odamlarimizning o‘sib borayotgan talablarini qondirish uchun hozirgidan ko‘ra ikki karra ko‘p ishlarni bajarishimiz kerak.

Yaxshi bilasizlar, biz mamlakatimizda kambag‘allik borligini tan olib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish bo‘yicha katta ish olib bormoqdamiz.

Shu maqsadda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reyestr tizimini yo‘lga qo‘yib, salmoqli natijalarga erishdik. Lekin hali qiladigan ishlarimiz ham oz emas.

Bu borada odamlarimiz yangilangan Konstitutsiyadan, biz joriy etayotgan yangi tizimdan ko‘p narsalarni kutmoqda.

Aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish uchun, eng avvalo, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarur. Yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Bu – aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani.

Biz bundan buyon ham xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlarni jadal davom ettiramiz. Ayniqsa, qishloq va suv xo‘jaligi, sanoat, energetika, transport, qurilish sohalariga katta-katta investitsiyalar jalb qilinadi.

Umuman, hukumat 1 avgustga qadar davlat o‘ziga olgan har bir yangi majburiyat bo‘yicha ularning mablag‘lari, ijro mexanizmlari, bu masalada mas’ul vazirlik va hokimliklar hamda mutasaddilar aniq ko‘rsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentimizga kiritadi.

Uchinchidan, Konstitutsiyamizda ilk bor, O‘zbekiston Respublikasiga huquqiy davlat degan ta’rif berildi.

Bosh qomusimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar ko‘paytirildi.

Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi ta’minlanadi, degani.

Bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘ladi.

Eng muhimi, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak.

Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini albatta amalda ta’minlashimiz zarur.

Shu maqsadda, Asosiy qonunimizda hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoida mustahkamlandi. Ayblanuvchiga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qo‘yildi. Advokatlar maqomi oshirilib, ularning tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega ekani qayd etildi.

Albatta, Asosiy qonunga kiritilgan bu ilg‘or yangiliklarni amalda joriy etish oson bo‘lmaydi, ko‘p jamiyatlar bunday o‘zgarishlarni faqat orzu qiladi. Buning uchun sud-huquq idoralarining kadrlar salohiyatini yaxshilash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashimiz zarur.

Eng muhimi, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasi, ma’naviy dunyosini yuksaltirish bilan birga, aholining ham huquqiy madaniyatini oshirish, hammamiz uchun dunyoqarashimizni o‘zgartirish talab etiladi. Qanday og‘ir bo‘lmasin, bu ishlarni amalga oshirishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda.

To‘rtinchidan, demokratik taraqqiyot yo‘lini qat’iy davom ettiramiz.

Bosh qomusimizda bu maqsadga erishish kafolatlarini yanada kuchaytirdik. Bizga inson va biznesning og‘irini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali boshqaruv tizimi kerak. Ma’muriy islohotlarni aynan shu maqsadda boshladik. Birinchi bosqichda hukumat va vazirliklar ixcham qilinib, ularning ish uslubi o‘zgartirildi. Navbatdagi vazifamiz – viloyat va tuman darajasida ham boshqaruv sifatini oshirishdan iborat.

Mening eng katta niyatim – odamlarni qiynayotgan muammolarni mahallaning o‘zi yechadigan xalqchil tizim yaratish. Shu bois, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushirish mo‘ljallanmoqda.

Shu bilan birga, yangilangan Konstitutsiyamizdagi o‘zgarishlar bir qator siyosiy islohotlarni ham nazarda tutadi. Bu borada parlament faoliyatida muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa 14 tadan 18 taga yetkazildi.

Ayni paytda, palatalarning vakolatlariga ham aniqlik kiritildi. Masalan, hukumatni shakllantirish, uning faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish masalalari Qonunchilik palatasining vakolatiga o‘tkazildi.

Shu bilan birga, deputatlarimiz asosiy e’tiborni qonunlarning sifati va ta’sirchanligini oshirishga qaratadigan, ularning ijrosini samarali tashkil etishda hukumat bilan birgalikda qattiq ishlaydigan vaqt keldi.

Senatning faoliyati esa hududlar bilan bog‘liq masalalarni hal etish, mahalliy Kengashlarga har tomonlama ko‘maklashish, joylarda, ayniqsa, mahallalarda qonunlar ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilishi zarur.

Bularning barchasi, deputat va senatorlarimiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi tabiiy, albatta. Endi ular pastga tushib, ko‘proq odamlarimiz bilan uchrashib, ularning muammolarini eshitsa, vazirlar va hokimlar bilan birgalikda har bir masala bo‘yicha aniq yechimlarni topsa, bundan umumiy ishimizga faqat foyda bo‘ladi.

bugungi kunda xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari e’tiboriga olib chiqayotgan eng ta’sirchan kuch, bu – ommaviy axborot vositalari, jurnalistlardir.

Jamiyatimizdagi ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish maqsadida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, axborot olish, foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlar qat’iy kafolatlanmoqda.

Shu bilan birga, so‘z erkinligi, bu – mas’uliyat ham degani. Ya’ni axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon ekanini unutmasligimiz zarur.

Ayni paytda nodavlat tashkilotlarning rolini oshirish, huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Beshinchidan, O‘zbekiston – dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qat’iy tanlovi ham shu.

Bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligi ta’minlanadi. Barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib beramiz,  

Mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni ta’minlash siyosatini izchil davom ettiramiz. Jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda  foydalanishga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kundanoq “Biz xalqimizga xizmat qilgani kelganmiz. Biz xalqimizni rozi qilish uchun kelganmiz”, degan gaplarni doim takrorlayman.

Biz islohotlarni boshlagan paytda, o‘zimiz tasavvur ham qilmagan juda ko‘p muammo va sinovlarga duch keldik. Ularga el-yurtimiz bilan birgalikda yechim topib, har bir masalani joyida hal qilib boryapmiz. Chunki, yangilangan Konstitutsiyamizning ma’no-mazmuni, bosh maqsadi ham xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratib berishdan iboratdir. Bu maqsad yo‘lida qanchalik og‘ir bo‘lmasin, zarur mablag‘larni, kerak bo‘lsa, ortiqchasi bilan topib, barcha imkoniyatlarni ishga solayapmiz.

Xalqimizning o‘zi – eng adolatli hakam. Men aminman, bugun yurtimizdagi har bir inson “hayotimda ijobiy o‘zgarish bo‘lmoqda”, deb ayta oladi.

Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotida mutlaqo yangi davrga qadam qo‘ymoqdamiz. Chunki, yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qilish bilan biz Uchinchi Renessans uchun huquqiy poydevor yaratdik. Bugun xalqimiz intilayotgan ana shu buyuk maqsadni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shaman, degan har bir yurtdoshimiz, avvalo ushbu poydevorga tayanib, harakat qilishi lozim.

Ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishda, yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam zamin hozirlashda Asosiy qonunimiz ularga beqiyos imkoniyatlar ochib beradi.

Shu munosabat bilan, men bugun ikkita muhim Farmonni imzoladim.

Birinchi Farmon yangilangan Konstitutsiyamizni hayotga joriy etish, ijrosini ta’minlash uchun uning mazmun-mohiyatini xalqimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq vazifalarni nazarda tutadi.

Shu ma’noda, Bosh qonunimizning har bir bandi va moddasini jamiyatimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun hayot qoidasiga aylantirish, bu borada ularning tushuncha va tasavvurlarini kengaytirish, har bir mahalla, ta’lim maskani, tashkilot va korxonada chuqur o‘rganish maqsadida o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar yaratish zarur.

Shu bilan birga, yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat Prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, men ikkinchi muhim Farmonni imzoladim. Unga muvofiq, yurtimizda muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkaziladi.

Bunday qarorga kelish uchun qanday ob’ektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta.

Nima uchun, qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechayapman? Chunki, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda.

Ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘ymoqda.

Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda.

To‘rtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan butun xalqimizga murojaat qilmoqchiman.

Aziz va muhtaram vatandoshlar, barchangiz ko‘rib turibsiz, oldimizga bugun yanada ulkan marralar qo‘ymoqdamiz.

Bundan buyon ham jamiyat va davlat hayoti, bugungi va kelgusi taraqqiyotiga oid har bir masala bo‘yicha faqat va faqat sizlar, donishmand, bag‘rikeng xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.

Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan. Shu nuqtai nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz o‘zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq.

O‘ylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu – eng to‘g‘ri va adolatli qaror bo‘ladi.

Saylovlar qonunga to‘la muvofiq holda, ochiq va oshkora tarzda o‘tkaziladi. Bunda siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlar yurtimiz tinchligi va uning ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqadilar, deb ishonaman.

Qadrli yurtdoshlar!

Shu o‘rinda bir fikrni yana ta’kidlab aytmoqchiman: ko‘zlagan marralarimiz qanchalik yuksak va murakkab bo‘lmasin, ularga erishish uchun bizda barcha imkoniyatlar bor.

Buyuk ajdodlarimiz merosi, xalqimizning bunyodkorlik qudrati, intellektual va ma’naviy salohiyati, uning mehnatsevarlik va tadbirkorlik fazilati bu yo‘lda bizga kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Ishonchim komil, sizlar bilan, butun xalqimiz bilan ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz. Yangi O‘zbekistonni barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, ahil va hamjihat bo‘lib, birgalikda quramiz.

Mana shunday ulug‘ maqsad yo‘lida hammangizga sihat-salomatlik, yangi yutuq va zafarlar, oilaviy baxt-saodat tilayman.

Yaratganning o‘zi barcha olijanob ishlarimizda madadkor bo‘lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat.