Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilangan Konstitutsiya “snos” muammosiga barham berdi
12:20 / 2024-12-06

Yurtimizda yerga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi va davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga davlat tomonidan ko‘maklashish tizimi yaratilib, qo‘shimcha yer maydonlari foydalanishga kiritildi. Eng muhimi, aholiga yer uchastkalarini ajratishda barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartib joriy etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan “Yer resurslari – Konstitutsiya muhofazasida” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida shular xususida so‘z bordi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanishni ta’minlash, ularni muhofaza qilish, yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda qayta muomalaga kiritish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilib, yer egalarining mulkiy huquqlari kafolatlandi.

2024 yil 9 oktyabr kuni imzolangan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan mamlakatda yerga oid munosabatlarda tenglik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan islohotlarning huquqiy asosi yaratildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. Bu bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli yerlarni ularni o‘zlari tomonidan xususiylashtirib olish imkoniyati yaratildi.

Davra suhbatida Asosiy qonunimizda hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi aks etgani, bu o‘z navbatida, bir necha yillardan buyon jamiyatimizdagi o‘tkir muammolardan biriga aylangan “snos” degan muammoga butunlay barham berganligi e’tirof etildi.

Deputatlarning fikricha, Konstitutsiyada o‘z aksini topgan normalarning amaliyotga joriy etilishi kelajakda mulkdorlarga, xususan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ularning yerga bo‘lgan mulk huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga imkon yaratadi.

M.Komilova, O‘zA