Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yangi falsafasini shakllantirdi
11:20 / 2025-12-06

Munosabat

Bugungi kunda dunyodagi ko‘plab mamlakatlar demokratiyaning ilg‘or tajribalarini amaliyotga tatbiq etishga intilmoqda. Ammo har bir davlatning demokratiyaga erishish yo‘li o‘ziga xos bo‘lib, uning tarixi, madaniyati va siyosiy an’analari bilan belgilanadi. O‘zbekiston ham ana shunday o‘ziga xos yo‘ldan borib, inson huquqlarini hurmat qilish, din va madaniyat xilma-xilligini e’tirof etish, fuqarolar faolligini oshirish hamda ochiq va javobgar davlat barpo etishni maqsad qilib olgan.

So‘nggi yillarda davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqot kengaytirildi. Muhim qarorlar jamoatchilik muhokamasi asosida qabul qilinishi, vazirlik va idoralar faoliyatining shaffof va hisobdor bo‘lishi, elektron platformalarda qarorlarni e’lon qilish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki ortib borayotganidan dalolat beradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, islohotlarning asosiy tashabbuskori jamiyatning o‘zi bo‘lishi, davlat esa xalqqa xizmat qilishi kerak.

Ijtimoiy talablar va fuqarolar takliflari asosida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat hayotida muhim burilish yaratdi. 2023 yilgi referendum natijasida Konstitutsiya normalarining qariyb 65 foizi yangilanib, Asosiy qonunning markaziga inson – uning huquqlari, erkinliklari, qadr-qimmati va farovonligi qo‘yildi. Davlat esa bu huquqlarni amaliy jihatdan ta’minlash va himoya qilish bo‘yicha aniq majburiyatlar oldi.

Yangilangan Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar sezilarli darajada kuchaytirildi. Har bir insonning shaxs sifatida erkin rivojlanish huquqi, faqat qonunda belgilangan majburiyatlarga rioya etish talabi, huquqlarni cheklashning qat’iy huquqiy asoslar bilan belgilanishi – bularning barchasi huquqiy kafolatlarni yanada mustahkamlaydi. Yashash huquqi ajralmas huquq sifatida e’tirof etildi, O‘zbekistonda o‘lim jazosi to‘liq bekor qilindi. Inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi ham Asosiy qonunda alohida muqim o‘ringa ega.

Jinoyat-protsessual sohada ham muhim kafolatlar mustahkamlandi. “Xabeas korpus” instituti va Miranda qoidasining Konstitutsiya darajasida kiritilishi fuqarolar huquqiy himoyasini kuchaytirdi. Endi hibsga olish faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi, ushlangan shaxs 48 soat ichida sudga olib kelinishi shart, unga huquqlari tushunarli tilda bayon etiladi. Gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sukut saqlash huquqiga ega, o‘z aybsizligini isbotlashga majbur emas va faqat iqrorlik asosida aybdor deb topilishi mumkin emas. Bundan tashqari, bir shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklamasligi qoidasi ham adolat tamoyilini mustahkamlaydi.

Odil sudlovga erishish imkoniyatlari ham kengaytirildi. Har kim o‘z huquqlarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish, ishini mustaqil va xolis sudda oqilona muddatlarda ko‘rib chiqilishi huquqiga ega. Agar ichki huquqiy vositalar tugagan bo‘lsa, fuqarolar xalqaro huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilish imkoniyatiga ham ega.

Oila, bolalar, yoshlar va xotin-qizlar huquqlari Konstitutsiyada alohida o‘rin oldi. Jinsidan qat’i nazar, davlat ishlarini boshqarishda teng huquqlilik, oilani qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni himoya qilish, yoshlarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi kabi normalar inklyuziv va adolatli jamiyat barpo etishga xizmat qiladi.

Eng muhim yangiliklardan biri – ekologik huquqlarning birinchi marta asosiy qonun darajasida aniq va qat’iy ifoda etilishi. Tabiiy boyliklarni muhofaza qilish, aholining sog‘lom atrof-muhitda yashashi, ekologik axborotga ega bo‘lish huquqi, Orolbo‘yi kabi hududlarni tiklash bo‘yichadavlat majburiyatlari kelajak avlodlar manfaatini ta’minlashga qaratilgan.

Shunga alohida e’tibor qaratish lozimki, parlament islohotlarni mustaqil qabul qilish vakolatiga ega bo‘lganiga qaramay, Prezident tashabbusi bilan masala umumxalq referendumiga qo‘yildi. Bu jarayon Konstitutsiyaning haqiqiy xalqchil hujjat ekanini, fuqarolarning mamlakat kelajagini belgilashdagi rolini yanada oshirdi.

Yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yangi falsafasini shakllantirdi.

Endilikda “davlat – jamiyat – inson” modeli o‘rniga “inson – davlat – jamiyat” tamoyili ustuvor bo‘lmoqda. Bu o‘zgarishlar har qanday islohotning markazida inson manfaatlari turayotganini ifoda etadi.

Xulosa qilib aytganda, yangilangan Konstitutsiyamiz demokratik, ijtimoiy yo‘naltirilgan va adolatli davlat barpo etish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratdi. Inson huquq va erkinliklari real hayotda amal qiluvchi himoya tizimiga aylandi. Shu bois Asosiy qonunimiz O‘zbekistonda inson – uning qadr-qimmati, erkinligi, xavfsizligi va farovonligi davlat siyosatining markazida bo‘lishini kafolatlovchi bosh hujjat sifatida xizmat qilmoqda.

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

 ijrochi direktori.

O‘zA