Jamiyatda mafkuralar ikkiga bo‘linadi: 1) Bunyodkor (yaratuvchi, progressiv, qonuniy) mafkuralar. Bularga Konstitutsiya yo‘l beradi; 2) Vayronkor (buzg‘unchi, regressiv, noqonuniy, reaksion) mafkuralar. Bularni Konstitutsiya man etadi.
Bu yerda vayronkor mafkuralarni tasnif qilib, ular tahliliga to‘xtalib o‘tirmaymiz.
O‘zbekiston jamiyatidagi bunyodkor mafkuralarning o‘zi uchga bo‘linadi: 1) Diniy mafkuralar. Bizda 16 ta konfessiya rasmiy ro‘yxatdan o‘tib, emin-erkin faoliyat olib boryapti; 2) Partiyaviy mafkuralar. Bizda 5 ta partiya qonuniy faoliyat olib boryapti; 3) Milliy mafkura. Bir mamlakatda bittagina milliy mafkura bo‘ladi.
Demak, bugun jamiyatimizda jami 22 ta mafkura rasman faoliyat olib boryapti.
Ayrim radikal islomiy guruhlar vakillarining chetdan turib, ba’zan ichkaridan turib ham xalqni yo‘ldan urishga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaldagi konstitutsiyaviy hokimiyatga zarba berishga, fuqarolarni o‘z davlatiga qarshi qayrashga qaratilgan o‘ta qaltis g‘oyalarni tarqatishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bugun ijtimoiy tarmoqlar – global hodisa. Uni to‘sishning hech bir imkoni – yo‘q. Ammo g‘oyaga qarshi g‘oyani ilgari surishimiz, xalqni xato qarash orqasidan ergashib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz – zarurmi-yo‘qmi?!
Buning uchun, avvalo, yangilangan Konstitutsiyamizda davlat va din munosabatlari bo‘yicha aynan qanday pozitsiyalar ilgari surilganini obdon bilishimiz – shart va zarur.
Hozir ayrim mullasifatlar O‘zbekistonda islomiy shariatdan kelib chiqqan holda er kishining bir paytning o‘zida to‘rt xotinga uylanishi mumkinligini tinmay targ‘ib qilyapti. Holbuki, bu demokratiyaga, bashariyatning asrlar mobaynida yetib kelgan umuminsoniy qadriyatlariga, eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga – zid.
Yangilangan Konstitutsiyamiz bir nechta moddasida aynan ko‘pxotinlikka hech qanday asos yo‘qligi ayon bo‘ladi. Bu fikrni isbotlash uchun shu moddalarni bir-bir ko‘rib o‘taylik.
1-moddada, jumladan: “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”, – deyilgan. Davlatning “demokratik” degan sifati, jumladan, diniy va jinsiy jihatdan fuqarolarning tengligini ham nazarda tutadi. Ya’ni bu mamlakatda erkak bilan ayolga bir xil huquq va erkinliklar berilishini taqozo etadi. Qanday qilib, bir paytning o‘zida erkakka to‘rt, ayolga esa bir martagina nikoh huquqini beramiz? “Huquqiy” sifatida mamlakatda jamiyatni ilgari qabul qilingan qandaydir tartib-qoidalar emas, xalq vakillaridan tashkil topgan parlament qabul qilgan qonunlar asosida boshqarish ko‘zda tutiladi. Shunday ekan, parlament qabul qilmagan biror-bir tartib-qoida, aniqrog‘i, diniy yoki milliy an’ana qonun kuchiga kirishi mumkin emas. “Dunyoviy” degan sifat palament qonun, Prezident farmon, qaror, farmoyish qabul qilayotganda, boshqa qonunosti hujjatlari chiqarilayotganda biror-bir dinga suyanish, uning qay bir tartib-qoidalaridan kelib chiqish majburiyati yo‘qligini ko‘rsatadi.
8-moddada: “O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, – deb bitilgan. Mamlakatimizda esa 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Hatto, aholining katta qismini musulmonlar tashkil etgani bilan, nikoh masalasida islom dinidagi tartib-qoidani qonunga kiritishga aslo haqqimiz – yo‘q. Bunda boshqa konfessiyalar vakillarini o‘zlari mansub bo‘lmagan din qoidalariga majburan amal qildirish bo‘lar edi.
12-moddada jamiyatdagi ko‘pmafkuraviylik aks ettirilganini yuqoriroqda ko‘rib o‘tdik. Modomiki, din ham mafkura bo‘lar ekan, demak, avvalo, islomiy qarashlar jamiyatdagi mafkuralardan biri, xolos, qolaversa, hech bir mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin bo‘lmagach, ko‘pxotinlikni qonuniylashtirish islomni davlat mafkurasiga aylantirish hisoblanadi va bunga Konstitutsiya aslo yo‘l bermaydi.
13-moddaga binoan esa:
“O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi”.
Ko‘pxotinlik esa demokratiya asoslanadigan umuminsoniy prinsiplarga mutlaqo mos kelmaydi.
15-moddada, jumladan: “Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadilar”, – deyilgan.
Qonun nikoh yoshiga yetgan, boshqa nikohi yo‘q juftliklarni rasman oila qurgani to‘g‘risida ro‘yxatdan o‘tkazadi. Ular, musulmon bo‘lsa, o‘z xohishiga ko‘ra, nikoh guvohnomasi yoki Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlari juftlikning rasman nikohdan o‘tishi belgilangani to‘g‘risida bergan dalolatnomasi asosida masjidlarda islomiy tartib-qoidalar asosida nikoh o‘qilishi – mumkin. Ochig‘ini aytganda, FHDYO orqali hujjatlashtirilgan nikoh “rasmiy nikoh”, aynan juftlikning masjidda nikoh o‘qitishi esa “shar’iy nikoh” deyilishi – kerak. Bizda hozirgi paytda nima bo‘lyapti? “Shar’iy nikoh” deganda noqonuniy nikoh tushunilyapti. Ya’ni bu bir erkakning rasman nikohida ayoli bo‘la turib, yashirincha, ya’ni noqonuniy tarzda nikoh o‘qitib olib, ikkinchi (hatto, uchinchi, to‘rtinchi) bor uylanishini anglatyapti. Shu darajaga borildiki, ba’zan taniqli-taniqli kimsalar ham ommaviy axborot vositlaridagi musohaba(interyu)larida: “Barcha xotinlarim bilan ahil-inoq yashab kelyapman”, – tarzidagi fikrlari ifodalanib qolyapti. Mafkurachi sifatida shuni unutmasligimiz – kerakki, ko‘pxotinlikni ilgari surish zamirida O‘zbekistonda islom davlati qurish g‘oyasi targ‘ibi yotibdi. Holbuki, tarixda bizda hech qachon islomiy davlat bo‘lmagan.
Xudo erkak va ayol miqdorini o‘zaro mutanosiblikda, ya’ni balansda ushlab turish huquqini hech kimga bermaydi. Jamiyatda ular soni – o‘zaro teng, nari borsa, 1-2 foizgagina farq qiladi. Bu – buyukjan-buyuk bir sir. Agar moddiy imkoni borlar bir nafardan ortiq qiz(yo ayol)ga uylansa, ochig‘i, jamiyatda erkaklarga qiz (xotin) yetmay qoladi ham.
Din ham Konstitutsiyaning ana shu 15-moddasida ko‘zda tutilgan “fuqarolik jamiyati institutlari”ga kiradi. Shuning uchun ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiyning nikoh guvohnomasi yoxud FHDYO ma’lumotnomasi yo‘q juftliklarga nikoh o‘qish taqiqlash to‘g‘risida fatvosi qabul qilingan.
Aholisining asosiy qismini musulmonlar takshil etadigan mamlakatlar, davlat va din munosabatlariga ko‘ra, quyidagi uch turga bo‘linadi: 1) islom davlatlari; bularda yo islom shariati Konstitutsiya o‘rnini bosadi (masalan, Saudiya Arabistoni), yo islom shariati asosida Konstitutsiya qabul qilinadi (masalan, Eron Islom Respublikasi); 2) islom davlat dini maqomiga ega davlatlar (masalan, Misr Arab Respublikasi); 3) din davlatdan ajratilgan davlatlar (masalan, O‘zbekiston Respublikasi).
1914 yili Abdurauf Fitrat “Oila” degan risola yozib, jumladan, xalqni ko‘pxotinlikdan qaytarishga urindi. Chunki islom qoidasiga ko‘ra, to‘rt xotin ham bir qozondan taomlanishi, o‘rtada payg‘ambar (s. a. v.) darajasida adolat qilish – kerak. Buning esa imkoni – yo‘q darajada. Buyuk olim ko‘pxotinlikning fojialarini ham keltiradi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”ida esa aynan ikkixotinlik fojiasi millat boshidagi bir kulfat yanglig‘ ko‘rsatilgan.
Kamina Eronga borib kelganman. Islom qoidasi qonunda – bor. Ammo ikkinchi xotin olish uchun avval bunga birinchi xotin, uchinchi xotinga uylanish uchun nikohidagi ikki ayoli ham, to‘rtinchi turmush uchun esa nikohidagi uchala xotini ham rasman ruxsat berishi – zarur. Buning esa aslo imkoni – yo‘q. Shunday islom davlatida ham amalda ikkixotinlik – yo‘q.
Konstitutsiyamizning 16-moddasida alohida ta’kidlanganki: “Birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid bo‘lishi mumkin emas”. Bu esa jamiyatda Konstitutsiya “prinsip va normalariga zid” har qanday tartib-qoida joriy etilishi ham, hatto, targ‘ib qilinishi ham mumkin emasligini ko‘rsatadi.
19-moddada, jumladan, shunday deyilgan:
“O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi – shart”.
Modomiki, shunday ekan, mamlakatda bir din vakillari uchun – boshqa, boshqa din vakillari uchun – boshqa qonun qabul qilib bo‘lmaydi.
35-moddaga ko‘ra, din – har bir fuqaro uchun shaxsiy masala: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim – xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Shunday ekan, qanday qilib aholining muayyan toifasi e’tiqodi bo‘lgan din qoidalarini hamma uchun majburlab joriy etamiz? Axir, har qanday qonun majburiy ijroni talab qiladi. Buni hayotiy misol bilan tushuntiradigan bo‘lsak, boshqa din vakiliga uylangan musulmon qonuniy ravishda uning ustiga xotin olishi – kerakmi?
Konstitutsiyamizning 58-moddasida to‘rt xotinga uylanish qoidasini joriy etish hech qanaqasiga mumkin emasligini ko‘rga hassadek aniq-tiniq qilib belgilab qo‘yiladi. Chunki bizda: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”.
Qo‘polroq qilib aytilsa, mazkur modda davlat bu ikki jinsdan biriga ikkinchisidan ustun huquq va erkinlik bera olmasligini, berilsa, Xudo ko‘rsatmasin, nikoh masalasida ham teng huquq va erkinlik berishga majburligini ochiqlaydi.
Shariatning ayrim tartib-qoidalari, jumladan, biz muhokama qilayotgan masalani qonunga kiritishni talab qilish – amalda konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilganlarning ishi. 71-moddada bu qat’iy taqiqlanishi yozilgan: “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa tajovuz qiluvchi siyosiy partiyalarning, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining, shuningdek, milliy va diniy belgilariga ko‘ra siyosiy partiyalarning, harbiylashtirilgan birlashmalarning tashkil etilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va birlashmalar tashkil etish taqiqlanadi”.
Endi 75-moddaning mohiyatini tushunib olaylik: “Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi.
Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi”.
Demak, din davlat ishlariga aralishga haqli emas. Shunday ekan, xoh ichkaridan, xoh chetdan mamlakatimiz davlat tuzumiga tosh otib, shariatning ayrim qoidalarini qonuniylashtirishni talab etish provokatsiyadan boshqa narsa emas.
Diniy qarashlar bilan ilmiy qarashlar o‘rtasida ham ba’zan qarama-qarshilik kelib chiqadi. Shunday mahalda jamiyatda qaysi biri ustun bo‘lishi – zarur. Shunda yana milliy mafkuraga ehtiyoj yuzaga keladi. Albatta, milliy mafkura davlat mafkurasi emas. Biroq bahsli fikrlardan qay biridir ustuvor bo‘lishi zarur-ku.
Masalan, chap qo‘l bilan ovqat yeyish dinimizda qoralanadi. Ayrim amru ma’ruflarda imom xatiblar ko‘pchilik o‘rtasida shu masalani ko‘tarib, qattiq-quruq gaplar bilan chap qo‘l bilan ovqat yeydiganlarni tanqid qilishadi. Holbuki, Xudo muayyan foiz kishilarni chapaqay qilib yaratadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular aholining 12 – 15 foizini tashkil etadi. Hatto, 13 avgust Xalqaro chapaqaylar kuni sifatida xalqaro miqyosda bayram ham qilinadi. A. Eynshteyn, Ch. Chaplin, Arximed, M. Lomonosov, I. Nyuton, Ch. Darvin, A. Pushkin, M. Tven, F. Kafka, G. Andersen, L. Tolstoy (u o‘ng qo‘l bilan ham yozavergan), G. Uells, L. Kerrol, M. Leskov, V. Mayakovskiy... chapaqay bo‘lgan.
Chapaqaylarni o‘ng qo‘l bilan ishlash, jumladan, yozish, ovqat yeyishni majburlash psixologik jihatdan ularga juda katta zarba hisoblanadi. O‘ngaqay bo‘lsangiz, chap qo‘l bilan osh yeyishingizni bir tasavvur qilib ko‘ring. Shuning uchun olimlar ularni o‘ng qo‘l bilan ishlashga majburlash mutlaqo og‘ir oqibatlarga olib kelishini isbotlashgan.
Shunday ekan, hadisni sharhlayotganda, buning chapaqaylarga aloqasi yo‘qligini ham eslatib o‘tishni unutmaslik – kerak.
Islom radikalizmi vakillari O‘zbekistonimizdagi umumxalq bayramlariga qarshi ig‘volar ham qo‘zg‘ab kelyapti. Emishki, ikkita islom bayrami – Ramazon va Qurbon hayitlaridan boshqa bayramlarni nishonlash xalqimiz uchun bid’at emish. Holbuki, Yangi yil, Xotin-qizlar kuni, Navro‘z, Xotira va qadrlash kuni, Mustaqillik, O‘qituvchi va murabbiylar kuni, Konstitutsiya qabul qilingan kunni nishonlash – dunyoviy mazmun-mohiyatga ega, ularning dindagi bid’atlarga mutlaqo aloqasi – yo‘q. Buni ham aynan shu tarzda qat’iy turib targ‘ib qilib turmasak, ayrim fuqarolar bilib-bilmay shu ig‘vo g‘oyalar ketidan ko‘r-ko‘rona ergashaveradi. Fuqaroning davlat tarafidan joriy etilgan, dam olish sifatida butun xalq dam oladigan umumxalq bayramlariga bunday munosabat ham amalda konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan provakatsiyadan boshqa narsa emas.
Hattoki, g‘alamis niyatli bu g‘oyalar tarafdorlari tug‘ilgan kunlarni, ayniqsa, ulug‘ zotlarning davlat tarafidan nishonlanadigan yubiley sanalarini o‘tkazishga ham shunday salbiy munosabat bildiradi.
O‘ylab qaralsa, mafkura shamolga o‘xshaydi: eshikning tirqishidan kirsa, bo‘ldi, bir pasda butun uyni aylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 19 sentyabri kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assableyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. Unda, jumladan, terrorizm va diniy ekstremizmga birgalikda kurashish masalasini ko‘tarib, quyidagi aniq-tiniq takliflarni ilgari surdi. Jumladan: “Biz ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz – zarur. ... Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyamiz doirasida bir masalaga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. U ham bo‘lsa, ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasidir”, – dedi.
Davlatimiz rahbarining mana bu tklifi esa mamnuniyat bilan qabul qilindi: “Yana bir muhim fikrni ta’kidlashni istardim. So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilamiz”.
Yangilangan Konstitutsiya bizga jamiyat a’zosi, shu davlat fuqarosi sifatida davlat va din munosabatlaridagi aniq-tiniq pozitsiyalarni puxta-pishiq bilishni talab etadi.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori,
Toshkent amaliy fanlar universiteti professori.