Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilangan Konstitutsiya aybsiz shaxslarning dardiga darmon bo‘ldi
20:16 / 2025-12-05

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 28-moddasida aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi belgilangan.

Bu norma aybsizlik prezumpsiyasi prinsipining muhim kafolatidir. Konstitutsiyaga kiritilayotgan insonparvar qoidaga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha har qanday dalilga nisbatan shubha paydo bo‘lsa, bu shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi zarur.

Shaxsning aybdorligiga oid har qanday shubhaga tayanib, yetarli dalillarsiz uni javobgarlikka tortish mumkin emas. Bordi-yu, tergovda ayb e’lon qilinsa ham, sud jarayonida aybni tasdiqlovchi dalillar yetarli bo‘lmasa, oqlov hukmi chiqariladi. Ya’ni, “isbotlanmagan ayb – isbotlangan aybsizlikka teng” degan xalqaro standart amal qiladi.

Yana bir muhim jihat — so‘nggi yillarda mamlakatimizda afv instituti takomillashib, gumanistik siyosatning amaliy ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Birgina mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida Prezident farmoni bilan jazo muddatini o‘tayotgan va qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan 522 nafar shaxs afv etilgani e’tirofga loyiq.

Bundan tashqari, oxirgi yillarda sud-huquq tizimidagi islohotlar hamda yangilangan Konstitutsiya normalarining amaliyotga joriy etilayotgani oqlov hukmlari soni ortib borayotganida ham namoyon bo‘lmoqda. Mazkur islohotlar yaqin tariximizdagi qatag‘on yillarida nohaq jabr ko‘rganlarga nisbatan ham amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 1930-1938 yillarda nohaq jazoga tortilgan 198 nafar shaxsga doir 11 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqib, ularni oqladi.

Shu jihatdan Konstitutsiyaga kiritilgan mazkur norma surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni ta’minlab, shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortishning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, mazkur moddada hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilangan.

Bu kafolat shaxsga nisbatan gumon yoki ayblov ko‘rib chiqilayotganda tergov organlari tomonidan unga har qanday bosim o‘tkazishdan himoyalaydi.

Shuningdek, shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lishga majburlanishi holatlarini bartaraf etadi. Jinoiy ta’qib ostidagi shaxsning yaqinlari unga qarshi faqat ixtiyoriy ravishda guvohlik berishi mumkinligini kafolatlaydi.

Jinoyat protsessual kodeksining 116-moddasiga ko‘ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining yaqin qarindoshlari guvoh yoki jabrlanuvchi sifatida faqat o‘zlarining roziligi bilan so‘roq qilinishi mumkin.

Ushbu qoida sud va huquq-tartibot organlari tomonidan shaxsni so‘roq qilishdan oldin uni o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi to‘g‘risida ogohlantirish zarurligini ham anglatadi. O‘z-o‘zini ayblamaslik huquqi faqat iqror bo‘lishga majburlashni taqiqlash bilan cheklanmaydi. Bu norma jinoiy ta’qib ostidagi shaxs yoki uning yaqinlariga nisbatan ruhiy bosim, tahdid, sha’n va qadr-qimmatni kamsitish kabi noqonuniy usullarni qo‘llashning oldini oladi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi, uzoq yillar davomida aholi uchun og‘riqli bo‘lib kelgan masalaga oid yangi norma kiritilishi chinakam huquqiy kafolat bo‘ldi. Endilikda shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi. Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev ham bu normani Konstitutsiyada qat’iy yozish zarurligini ta’kidlagan edi.

Mazkur norma asosida Prezident tomonidan imzolangan 2024 yil 20 sentyabrdagi qonun bilan bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga «Qarindoshining sudlanganligi davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda yoki uni o‘tashda fuqarolar huquqlarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi», degan qoida kiritildi. Shuningdek, Mehnat kodeksining 4-moddasiga “qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi” degan ibora qo‘shimcha qilindi.

Aslida shaxs huquqlarini asossiz cheklash, jumladan sudlanganligi munosabati bilan huquqdan mahrum etish mumkin emasligi BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Paktida ham belgilangan.

Ta’kidlash lozimki, mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarni ishlab chiqishda xorijiy mamlakatlar tajribasi ham o‘rganilgan. AQSHda ham individual javobgarlik tamoyili qo‘llanadi, ya’ni qarindoshning huquqiy holati shaxsning huquqlariga ta’sir qilmaydi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, xususan Fransiya, Germaniya, Niderlandiyada ham qarindoshning sudlanganligi shaxsiy huquqlarni cheklash uchun asos bo‘la olmaydi. Polsha, Serbiya, Ispaniya, Xorvatiya, Sloveniya kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham shunga o‘xshash normalar mavjud.

Sharqiy Osiyo davlatlari — Singapur va Yaponiyada ham davlat xizmatiga qabul qilish faqat shaxsning o‘ziga berilgan baho asosida amalga oshiriladi, uning qarindoshlari bilan bog‘liq holatlar ahamiyat kasb etmaydi.

Shunday ekan, fuqarolarning shaxsiy huquqlari qarindoshlarining huquqiy holati bilan bog‘liq ravishda cheklanmasligi lozim. Bu esa konstitutsiyaviy tamoyillar va inson huquqlarini himoya qilish bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, fuqarolar huquqlarining yanada samarali himoya qilinishini ta’minlaydi.  

Sherzod Zulfiqorov,

Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘ining o‘rinbosari, professor.