Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan yangi turmush
11:52 / 2023-03-21

Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi Yangi turmush mahallasi shu kunlarda yanada chiroy ochgan. Bahor nafasi esayotgan, xalqimizning qadim va betakror bayrami Navro‘z arafasida yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Yangi turmushda ham keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Keyingi yillarda mahallada zamonaviy infratuzilma inshootlari, turli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etilgani aholining turmush farovonligini yanada yuksaltirdi. 

Ayni paytda mahallada olti yuzdan ortiq xonadonda 4 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahalla hududidagi umumta’lim maktabi, 2 oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti, qishloq vrachlik punkti, dorixona, savdo do‘konlari, sartaroshxona, shuningdek, qator maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlari xizmatidan aholi mamnun. 

– Yetmish yoshni qoraladim, hayotda ko‘p yaxshi-yomon kunlarni ko‘rdim, – deydi Yangi turmush mahallasi Qashqar ko‘chasining oqsoqoli, mehnat faxriysi Odiljon Siddiqov. – Ochig‘i, mahallamizda bugungi o‘zgarishlardan, bunyodkorlik ishlaridan behad mamnunman. Qurilayotgan do‘konlar, keng va ravon yo‘llarni ko‘ring. Ro‘zg‘orga zarur biror narsa xarid qilish uchun ilgarigidek tuman markazi yoki shaharga borishning hech hojati yo‘q. Hamma narsani mahalamizning o‘zidan topish mumkin. Ayniqsa, tinchlik-osoyishtalikdan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tariladi.

Navro‘z bayramiga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan xashar davomida mahalladagi ko‘chalar, guzarlar, ta’lim muassasalari, qabriston tozalandi, mavjud daraxtlar oqlanib, ularga shakl berildi. 

– Obodonlashtirish ishlarida kattayu kichik birdek faol ishtirok etdi, – deydi “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib borayotgan hokim yordamchisi Rustamjon Odilov. – Ayniqsa, yo‘li bo‘ylariga mevali, manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tkazilganligi ko‘chalarimiz chiroyiga chiroy qo‘shdi. Bu ishlarga saxovatpesha insonlar, tadbirkorlar yaqindan yordam berdi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rahmatjon Esonov, xotin-qizlar faoli Shahnoza G‘aniyeva, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisining samarali faoliyati natijasida mahalladagi ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarga zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda. 

Mahallaning Qurama ko‘chasida yashovchi Ortiqali Hasanov bir necha yildan buyon jigar serrozi bilan og‘riydi. Shifokorlar unga Hindiston davlatiga borib, operatsiya qildirishi lozimligini aytishgan. Ushbu oilaning moddiy ahvoli bunga imkon bermas edi. Tuman hokimligi, sektor rahbarining ko‘magi bilan mablag‘ ajratilib, u Hindistonga borib operatsiya qildirib qaytdi. Hozir salomatligi yaxshi. 

  • Qizim, men ishsiz edik, oilaviy sharoitimiz haminqadar edi,  - deydi mazkur mahallada yashovchi Lolaxon Jo‘rayeva. – Yaqinda mahalla xotin-qizlar faoli, hokim yordamchichi ko‘magida subsidiya asosida tikuv mashinalari olib, o‘z xonadonimizda tikuvchilikni yo‘lga qo‘ydik. Hozirda bolalar, ayollar liboslarini, umuman, buyurtma bo‘yicha tikuvchilik mahsulotlarini tayyorlayapmiz. Daromadimiz yomon emas. 

Umuman, mahallada o‘tgan yili 200 nafardan ortiq kishining bandligi taminlandi, 13 ta yangi yakka tartibda tadbirkor va kichik biznes sub’ekti tashkil etildi, 11 nafar fukaroga subsidya asosida issiqxona qurib berildi, tikuv dastgohlari berildi. Bundan tashqari, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun 22 nafar fuqaroga kredit ajratildi, dehqonchilik qilish uchun 145 nafar fuqaroga 10 va 15 sotixdan yer berildi.

  • Subsidiya asosida tomorqamizga 2 sotixli issiqxona kurdik, - deydi Tursinoy To‘xtanazarova. - Issiqxonaga bodiring, pomidori ekdik. Nasib etsa, mo‘l hosil olib, oilamiz daromadini ko‘paytiramiz. 

 Yangi turmushliklar turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritib, ham oilasi, ham el-yurtga naf keltirmoqda. Buning ortidan ularning turmush farovonligi taboro yuksalib bormoqda. 

Bugun mahalla ahli Navro‘zi olamni ko‘tarinki kayfiyat, o‘ziga xos yutuqlar, ulug‘vor ishlarga kamarbastalik, obod yurt ravnaqidan iftixor tuyg‘usi bilan shodu-xurramlikda nishonlamoqda. 

 

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat),

O‘zA