Turizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratish, yurtdoshlarimiz va xorijlik fuqarolarga xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish maqsadida bugungi kunda Samarqand xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati bu jarayon bilan yaqindan tanishtirish maqsadida jurnalist va blogerlar ishtirokida Samarqand havo darvozasida press-tur tashkil etdi.
Tadbir avvalida OAV vakillari samolyotlar uchun amaldagi va yangi loyiha asosida bunyod etilgan uchish-qo‘nish yo‘lagi bilan tanishdi. Ta’kidlanishicha, yangi yo‘lak xalqaro aviatsiya standartlariga mos ravishda qurilgan. Yo‘lak qatlamlari orasiga havo kemalarining yerdan ko‘tarilishi hamda parvozoldi harakatida asqotadigan panjarali (geosetka) qoplamalar o‘rnatilgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu yo‘lak kelgusida bir necha turdagi samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozirda aerodromda tungi yoritish moslamalari, aloqa va kuzatuv tizimlarini o‘rnatish jarayoni amalga oshirilmoqda.
Hozirda aeroportda vaqtinchalik yo‘lovchi terminalidan foydalanilmoqda va bu yerda ham yo‘lovchilar uchun zarur sharoit yaratilgan. Qad rostlayotgan yangi aerovokzal (terminal binosi) foydalanishga topshirilsa, aeroport soatiga 600 yo‘lovchiga, kelib-ketishni hisob olinsa, 1200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi terminalni 2021 yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Aeroportda havo kemalari uchun turargohlar avvalgiga nisbatan bir necha barobar ko‘paytirilgan va 20 dan ziyod to‘xtash doylari bo‘ladi. Bundan tashqari, burilish joylari, magistral yo‘llar ham qayta ta’mirlanib, maydon yanada kengaytirildi. Loyihada ko‘zda tutilgan muzlashga qarshi ishlov berish maydonlarida qish mavsumida havo kemalarini qordan tozalash, yuvish ishlari amalga oshiriladi.
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tashuvlarni tashkillashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Doniyor Musabekov, “Samarqand xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori vazifasini bajaruvchi M.Jamolov rekonstruksiya ishlarining borishi, kelgusidagi rejalar haqida press-tur qatnashchilariga ma’lumot berdi. Ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Ma’lum qilishlaricha, joriy yil yanvar oyidan buyon aerodromni ta’mirlash ishlarining 95 foizi bajarilgan. Loyihada ko‘zda tutilgan boshqa qurilish-rekonstruksiya ishlarining ham asosiy qismi amalga oshirilgan. Bu vazifalar 2021 yilda bosqichma-bosqich yakuniga yetkazilib, loyiha to‘liq bajariladi.
“Samarqand xalqaro aeroporti”da rekonstruksiya ishlaridan so‘ng “Ochiq osmon” rejimida to‘liq ishlay boshlaydi. Mazkur tizim 2020 yilning 1 avgustidan boshlab yurtimizdagi Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy, Urganch, Andijon, Farg‘ona, Namangan va Samarqand aeroportlarida «beshinchi havo erkinligi» huquqini qo‘llagan holda joriy qilindi.
Yana bir e’tiborli jihati, Samarqand aeroportida AQSHning SITA kompaniyasi bilan xorijiy va mahalliy aviakompaniyalarga yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish, parvozga tayyorlov ishlarini amalga oshirishda o‘z tizimlariga kirish, vakolati doirasidagi vazifalarni muammosiz bajarishga imkon beruvchi CUTE (Common Use Terminal Equipment) platformasini joriy qilgan.
[gallery-589]
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA