Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari
19:25 / 2025-11-11

Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarining rivojida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda bu jihatlar yana bir bor o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Ayniqsa, sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik yo‘llashi bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.  

Unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi vakillari, senatorlar, deputatlar, soha faollari, xalqaro mehnat va kasaba uyushmalari tashkilotlarining rahbarlari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va a’zolariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Darhaqiqat, tabrikda ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston – inson hayoti, uning salomatligi, huquq va manfaatlari, qadr-qimmati qonun asosida ishonchli himoya qilinadigan davlat degani.

[gallery-26186]

Shu bois, o‘z saflarida sakkiz millionga yaqin a’zoni  birlashtirgan kasaba uyushmalarining mehnat sohasidagi huquq va manfaatlarni himoya qilish, adolat va tenglik tamoyillarini ta’minlash borasidagi bir asrdan ziyod tajriba maktabi mamlakatimizda yangi jamiyat, yangi davlat barpo etishda  g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Bu haqiqatni chuqur tushungan kasaba uyushmalari faollari ijtimoiy sohadagi dasturlarni amalga oshirish, ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, yoshlar, nuroniylar, ayollar manfaatlarini himoyalashda  alohida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.

Prezidentimizning sana munosabati bilan "O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani mazkur jamoat tuzilmasiga qaratilayotgan e’tiborning amaliy tasdig‘idir.

Tantanali tadbirda Vatanimizning orden va medallarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva topshirdi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar soha rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan e’tirof va e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

– Inson qadr-qimmati yangi O‘zbekistonda islohotlarning bosh maqsad-muddaosini, asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etmoqda, – dedi "Shuhrat" medali sohibasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova. – O‘zbekiston inson huquq va manfaatlarini himoyalash, mehnatni muhofazalash, xodimlar va ularning oila a’zolarining salomatligini mustahkamlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining biz soha vakillariga e’tibori ko‘nglimizni osmon qadar yuksaltirdi. Ayni paytda bunday e’tibor yanada katta mas’uliyat bilan mehnat qilishga undaydi.  

Tantanali tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yillik tarixiga oid teatrlashtirilgan musiqiy dastur namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.  

Nazokat Usmonova, Nosir Haydarov, (surat), O‘zA muxbirlari.