Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan O‘zbekistonda mahalla institutining evolyutsiyasi
12:07 / 2022-01-19

Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan qariyb 9 ming o‘zini o‘zi boshqarish organlari keng spektrli faoliyatni olib bormoqda:

-  xalq xokimiyati manbai; 

-  fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtiroki;

-  jamoatchilik nazorati;

-  tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, kengash, hashar, o‘zaro yordam, muruvvat, hamjihatlik kabi milliy qadriyatlarni saqlab qolish va keyingi avlodlarga yetkazish; 

-  oilalardagi ma’naviy muhitni mustahkamlash;

-  ayollarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish;

-  yarashtiruv protseduralarini qo‘llash;

-  kam himoyalangan ijtimoiy qatlamlarga yordam ko‘rsatish;

-  hududiy tarixiy, madaniy, geografik o‘ziga xoslikni aks ettirish;

-  mahallaning obodligi va xavfsizligini ta’minlash;

-  kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish.

So‘nggi yillarda jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblangan mahalla institutini xalqimizning chinakam ko‘makdoshiga aylantirish, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning huquqiy bazasi, boshqaruv tizimi, institutsional asoslarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli tizimli faoliyat amalga oshirilmoqda. 

Mamlakatimizning tarixiy rivojlanishi, ijtimoiy-madaniy xususiyatlariga mos keladigan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish modelining samarali mezonlarini aniqlashga qaratilgan ilmiy yondashuvlar ishlab chiqilmoqda. 

Xususan, sohaga oid 40dan ortiq qonun hujjati qabul qilindi, 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatning “Obod qishloq”, “Obod mahalla dasturi” ommalashtirildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5938-son Farmoni asosida oila, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 367-son qarori asosida mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tizimini ilmiy-uslubiy va amaliy jihatdan ta’minlash, sohaga oid fundamental, innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish maqsadida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 22 mart  “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e’lon qilindi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni va rolini kuchaytirish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida «Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Tuman va shahar markazida “Mahalla markazi” majmualari tashkil etildi, mahalla idoralari qurildi, rekonstruksiya qilindi. 

Mahallalarning «o‘sish nuqtalari»ni (ixtisoslashuv yo‘nalishlarini) aniqlash va «drayver» loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash; joylarda tadbirkorlik, investitsiyaviy va raqobat muhitini yaxshilash kabi ustuvor yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi “mahallabay” ishlash tizimi joriy etildi.

Aholi bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab mahallalarda tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari faoliyati tashkil etildi.

Mahalliy hokimliklar bilan birga hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish kabi vazifalarni amalga oshirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyati tashkil etildi.

Sohani spektral rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim tamoyillar va dasturlar amalga oshirilmoqda:

-  “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” tamoyili;

-  “mahalla raisi — bosh islohotchi” tamoyili;

-  “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash tizimi;

-   “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, xotin-qizlarga, yoshlarga manzilli yordam tizimi;

-  xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan og‘ir turmushda yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordam dasturi;

-  oilaviy qadriyatlarni asrash, oilaviy nizo va ajrimlarning oldini olish;
-  yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari;

-  “Yashil makon” umummilliy loyihasi va b.

Xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilishning yangi tizimi joriy qilindi. Xususan, «mahallabay» ishlash tizimi orqali 2020 yilning oktyabr-dekabr oylarida 6,5 milliondan ortiq xonadonga tashrif buyurilib, xotin-qizlarning muammolari o‘rganilgan. «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish uchun jami 1 trln. 114,6 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.

Barcha tizimli islohotlar quyidagi vazifalarni  amalga oshirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi:

1.  O‘zbekistonda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tamoyiliga oid konstitutsiyaviy me’yorlarni amalga oshirishga asoslangan, mahalliy ahamiyatga ega dolzarb masalalarni hal qilishda huquqiy mustaqillikka ega o‘zini o‘zi boshqarish organlarining samarali ekotizimi yaratiladi.

2.  Hokimiyatning detsentralizatsiyasi real islohotlarni amalga oshirishga, aholining rolini oshirishga imkon beradi. 

3.  Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari subsidiarlik tamoyili asosida  mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan turli masalalarni hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
4.  Aholining boshqaruv qarorlarini qabul qilishda roli va ishtiroki hamda ijtimoiy hayotning muhim muammolarini hal qilishda siyosiy faolligi oshiriladi.

5.  Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va davlat hokimiyati organlari o‘rtasida strategik funksiyalarini amalga oshirish doirasida  davlat va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining o‘zaro ta’sirining samarali sxemasi shakllanadi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshiriladi.

Mohira Xoliqova, 
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti
bo‘lim boshlig‘i, falsafa doktori, dotsent