Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Oʻzbekiston islohotlari xalqimizga kuch-gʻayrat bagʻishlamoqda
17:41 / 2020-08-31

Koʻksaroy qarorgohida 31-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Koʻksaroy qarorgohida 31-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

OʻzA muxbiri bayram ishtirokchilari bilan suhbatda boʻlib, ulardan ayrimlarining dil soʻzlarini yozib oldi.

Mapura MUHAMEDOVA, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi:

– Butun dunyoda koronavirus balosi kezib yurgan kunlarda xalqimiz kayfiyatida tushkunlik yoʻq. Yurtimiz tinch, obod. Chunki Prezidentimiz gʻayrati, odamlarni rozi qilish yoʻlidagi qudratli harakati barchamizga kuch bermoqda.

Hech kim eʼtibordan chetda qolmayapti. Yoshi ulugʻlarga ham alohida mehr koʻrsatilayotganidan juda mamnunmiz. Davlatimizning yuksak mukofotiga munosib koʻrilganimdan xursand boʻldim. Albatta, oʻzimiz tanlagan yuksalish yoʻlidan sira ogʻishmaymiz. Bu yoʻlda biz, mehnat faxriylari ham hamisha shijoatli yurtdoshlarimiz safida boʻlishga intilamiz.

Bahodir KARIMOV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” faxriy unvoni sohibi:

– Chorak asrdan buyon yoshlarga adabiyot sirlaridan saboq beraman. Men uchun eng muhim narsa, bu – yoshlar dunyoqarashini elu yurtimizga mehr-muhabbatli qilib shakllantirishdan iborat. Aslida ham yoshlarimiz maʼnaviyatini, ruhiyatini mustaqilligimiz gʻoyalari epkini asosida tarbiyalashimiz zarur. Buning uchun esa tarbiya beradigan muallim, murabbiy toʻgʻri soʻz, halol, mard, eng muhimi, aytadigan gapi amaliga mos boʻlmogʻi kerakdir.

Prezidentimiz biz kabi oddiy oʻqituvchilarni yuksak faxriy unvonlarga munosib koʻrgan ekan, albatta, mamnumiz. Bu eʼtirof bizning kelgusi ishlarimizda oʻz samarasini berishiga ishonamiz.

Muqaddasxon RAHMATILLAYEVA, Toshkent shahri Shayxontohur tumani 44-sonli oilaviy poliklinika bosh shifokori:

– Prezidentimiz bayram nutqida pandemiya sharoitida mehnat qilgan shifokorlar mehnatini ham alohida eʼtirof etdi. Bu – barchamizga faxr, gʻurur tuygʻusini baxsh etdi, albatta.

Shu oʻrinda yurtimizda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni, soha vakillariga qaratilayotgan eʼtiborni alohida taʼkidlashni istardik. Zero, yurtimizda tibbiyot keyingi yillarda tubdan oʻzgarganiga barchamiz guvohmiz.

Bu tez tibbiy yordam boʻladimi, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash boʻladimi, oilaviy poliklinikalar, tibbiy patronaj tizimi boʻladimi, barcha yoʻnalishlar faoliyati yaxshilandi, moddiy-texnik baza mustahkamlandi.

Ishonamizki, xalqimiz salomatligi yoʻlidagi bu kabi amaliy ishlar bardavom boʻladi.

Jahongir AHMEDOV, “Ezgu-film” studiyasi rejissyori, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni sohibi:

– Davlatimiz rahbarining bevosita eʼtibori tufayli bugun milliy kino sanʼatida tub oʻzgarishlar yuz berdi. Xalqimiz uzoq yillar kutgan tarixiy filmlar yaratildi. Yosh aktyorlarga, rejissyorlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor ham yaxshi samara bermoqda. Bugun ular turli xalqaro tanlovlarda qatnashib, Oʻzbekiston dovrugʻini dunyo boʻylab taratmoqda.

Albatta, bu yilgi ogʻir sharoitlarda, pandemiya davrida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar xalqimiz ruhini koʻtardi. Biz ham bu jarayonni kinotasmalarga muhrlashga harakat qildik. Nasib qilsa, hali bu haqda koʻp filmlar yaratamiz.

OʻzA muxbiri

Ulugʻbek ASROROV

yozib oldi.