French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Oʻzbekiston: Fuqaro, propiska va huquq
22:59 / 2020-04-10

Maʼlumki, joriy yilning 24-yanvarida Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyat rivojining barcha sohalarida yechimini kutayotgan dolzarb masalalar haqida toʻxtalib oʻtdi.


Maʼlumki, joriy yilning 24-yanvarida Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyat rivojining barcha sohalarida yechimini kutayotgan dolzarb masalalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Jumladan, Murojaatnomada fuqarolik va propiska, davlat grantlari va oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari, aholini kasbga yoʻnaltirish, geologiya, kon-metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, turizm, sport, ekologiya, korrupsiyaga qarshi kurashish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgan bir paytda shaharlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha urbanizatsiya darajasi hanuz pastligicha qolayotgani eʼtirozga sabab boʻlmoqda. Bu eʼtiroz ham tashqi ekspertlar hamda fuqarolarimizning haqli ravishda konstitutsiyaviy huquqlariga boʻlgan eʼtirozidir. Aynan ana shu eʼtiroz zamirida propiska muammosi koʻtarilgan edi.

Quvonarlisi, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga Oʻzbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish amaliyoti belgilandi. Bu orqali oʻz-oʻzidan 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bogʻliq muammolari hal etiladi.

Ijtimoiy islohotlarga eʼtibor bersak, hisob-kitoblarga koʻra Oʻzbekistonda kam taʼminlangan aholi qatlami ulushi 12-15 foiz, yaʼni 5 millionga yaqin aholini tashkil etadi. Xalqaro ekspertlar koʻmagida Kambagʻallikni kamaytirish dasturi ishlab chiqilishi barobarida ichki migratsiya, yaʼni propiska boʻyicha kamchiliklar bartaraf etilmas ekan, iqtisodiy yuksalish darajasiga salbiy taʼsir boʻlaveradi.

Agar qoʻshni respublikalarga eʼtibor qaratsak, aholining roʻyxatda turishi, hududlarda erkin yurishi, doimiy yoki vaqtinchalik propiskada boʻlishi masalalarining oʻziga xos tomoni mavjud.

Oʻzbekistonda bugungi kundagi yangi oʻzgarishlardan biri bu – propiska qilish tartibini soddalashtirish masalasi hisoblanadi. Shu bois ham propiska tizimini isloh qilishga doir qonun loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, xalqaro tajribaga asoslangan holda loyihada “propiska” tushunchasi oʻrniga “roʻyxatdan oʻtkazish” tushunchasini kiritish masalasi hamda eng koʻp eʼtirozlarga sabab boʻlgan Toshkent shahri va viloyatida koʻchmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish hamda birlamchi bozordan uy olishda davlat bojining alohida stavkasini toʻlash talabi bekor qilinayotgani diqqatga sazovordir.

Maʼlumki, propiska bilan bogʻliq cheklov tufayli uzoq yillar davomida boshqa viloyatdagi yurtdoshlarimiz poytaxtdan uyni Toshkentda istiqomat qilgan qarindoshlari nomiga sotib olishga majbur boʻldi. Ayrim hollarda doimiy propiska qonunbuzarliklar evaziga amalga oshirildi. Loyihada mana shu kabi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tartiblar, shu jumladan, fuqarolarning birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat oʻzi doimiy roʻyxatda boʻlgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy roʻyxatga qoʻyish huquqi nazarda tutilmoqda.

Mazkur loyihaning yana bir eʼtiborli jihati, Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatdan oʻtishda Hukumat tomonidan belgilanadigan istisnolarni inobatga olgan holda bir kishi uchun turar joy maydonining ijtimoiy normasi toʻgʻrisidagi qoidalarga rioya etishni ham eslatish joizdir.

Kimdir uzoq muddatli xizmat safari yoki biror bir maqsadli ish bilan Toshkent shahrini tark etsayu, yillar oʻtib qaytib kelganida sunʼiy toʻsiqlarga uchrasa, bu inson huquqlarining qisman boʻlsa-da cheklanishi emasmi? Xalqaro tajribada bu soddagina yoʻl bilan qayta tiklansa, qonunchiligimizda boʻshliqlar mavjudligi bunga izn berardi.

Quvonarli jihati, loyihada ushbu kamchilikka ham barham berilib, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatga ega boʻlgan fuqarolar qaytib kelgan taqdirda ular ushbu hududlarda hech qanday qoʻshimcha shartlarsiz qayta doimiy roʻyxatga olinishi belgilanmoqda. Shundan kelib chiqib, vakillik organlariga saylangan, tegishli tashkilotlarga tayinlangan xodimlar uchun doimiy roʻyxat boʻyicha lavozimni egallab turish davriga oid cheklov olib tashlanmoqda.

Mazkur huquqiy hujjatning amaliy va tarixiy-huquqiy ahamiyati shundaki, bu hujjat “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 13-moddasida qayd etilganidek, “Har bir inson har bir davlat doirasida erkin yurish va yashash joyi tanlash huquqiga ega. Har bir inson har qanday mamlakatdan, xususan oʻz mamlakatidan chiqib ketish va oʻz mamlakatiga qaytib kelish huquqiga ega” ekanining konstitutsiyaviy kafolati boʻlib xizmat qiladi.

Feruza MUHITDINOVA,
Toshkent davlat yuridik
universiteti professori.