Tashrifdan tashrifgacha
Bunyodkorlik, obodlik, farovonlik va taraqqiyot. Bu ustuvor jihatlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning hududlarga tashrifida o‘z ifodasini topib, eng avvalo, xalqimiz turmush darajasini yuksaltirish, shahar va tumanlarning mavjud imkoniyatlaridan oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot hamda infratuzilmani rivojlantirish, bir so‘z bilan aytganda, inson qadrini ulug‘lashda muhim o‘rin tutadi, albatta.
Davlatimiz rahbari 2024 yil 25-26 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida bir qator istiqbolli investitsiya loyihalari bilan tanishib, viloyatda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni to‘laqonli qondirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, kichik biznes va tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini taraqqiy ettirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash yuzasidan muhim vazifalarni belgilab bergan edi.
Namangan nafaqat go‘zallik va nafosat, balki sanoat salohiyati, zamonaviy ishbilarmonlik va intellektual yuksalishlar maskani sifatida tobora yuksalib bormoqda. Tabiat va inson, an’ana va innovatsiya, mahorat va texnologiya uyg‘unlashgan bu zaminda har bir qadam taraqqiyot, har bir tashabbus esa ilg‘or maqsadlar sari yo‘naltirilgan. Binobarin, azaldan ishbilarmonlik ruhi, mehnatsevar insonlari va o‘ziga xos hunarmandchilik an’analari bilan dovruq qozongan Namangan mamlakat rahbari tomonidan tadbirkorlar yurti, kichik biznes va sanoat markazi sifatida e’tirof etilishi ham bejiz emas.
Viloyatda so‘nggi yillarda yengil sanoat yo‘nalishida – to‘qimachilik, trikotaj, poyafzal, aksessuarlar va maishiy mahsulotlar ishlab chiqarish sohalarida tub yangilanishlar kuzatilmoqda. Yangi tashkil etilgan zamonaviy korxonalar, joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar va xalqaro hamkorlik asosida ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar sanoat salohiyatini yanada oshirmoqda. Namangan ayni yo‘nalishdagi yutuqlari bilan nafaqat respublika, balki xalqaro bozorda ham munosib o‘rin egallab bormoqda.
Joriy yilda viloyatda barcha imkoniyatlar ishga solinib, eksport hajmini 970,7 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 111,1 foiz o‘sish demak. Joriy yilning yetti oyida 371,1 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan. Mazkur eksport ko‘rsatkichlari 385 korxona tomonidan 512 turdagi mahsulotlar 48 davlatga yetkazib berilganini ko‘rsatadi.
Aytish joizki, oxirgi sakkiz yilda viloyat iqtisodiyotiga jami 4,8 milliard dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etilib, bu 2017 yilga nisbatan 150 barobar ko‘pdir. Faqatgina 2024 yilning o‘zida 3 milliard dollarlik chet sarmoyalari o‘zlashtirildi, natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2017 yildagi 5,7 trillion so‘mdan 2024 yilda 31,9 trillion so‘mga, ya’ni 5,5 barobarga oshdi.
Shuni ta’kidlash kerakki, tadbirkorlik sub’ektlari soni 18 mingdan 38,5 mingga yetdi. Ular orqali 500 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlandi. Viloyatda 26,1 mingta mikro va kichik, 778 ta o‘rta hamda 103 ta yirik korxona faoliyat yuritmoqda. Tadbirkorlarga ajratilgan kredit mablag‘lari 2018 yildagi 1,5 trillion so‘mdan 2024 yilda 4,7 trillion so‘mga yetdi. Joriy yilda 10 trillion so‘mdan ziyod kredit ajratilishi belgilangan. Viloyatda 2025 yilning birinchi yarmida 318,8 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, 360 dan ziyod korxona 46 ta davlat bozoriga mahsulot yetkazib berdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 104,2 foizga o‘sgani, izchil taraqqiyotga erishilayotgani, yangilanayotgan Namangan sanoat va tadbirkorlik taraqqiyotining jadal nuqtasi ekanligini anglatadi. Ayniqsa, to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari eksportda yetakchi o‘rinni egallamoqda. Xomashyo o‘rniga tayyor mahsulotlar ulushi sezilarli darajada ortdi. Eksport tarkibidagi xomashyo mahsulotlari ulushi 45 foizdan 28 foizga tushdi, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi esa 85 foizga yetkazildi.
Qishloq xo‘jaligida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Birgina meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 15 foizdan 23 foizga yetkazilishi rejalashtirilib, shu orqali 40 million dollarlik qo‘shimcha eksport ta’minlanadi. 107 ming tonnalik yangi qayta ishlash quvvatlari ishga tushiriladi. Yangi eksportchilar safining kengayishi yana bir muhim natija. 85 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, 60 turdagi mahsulot ilk bor eksport qilindi. Texnologik uskunalar, zargarlik buyumlari, xo‘jalik mollari, gazoblok va kungaboqar kabi yangi tovarlar tashqi bozorda o‘z o‘rnini topa boshladi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham sezilarli samara bermoqda. 55 ta korxonaga 13,4 milliard so‘m subsidiya ajratilib, 56,6 million dollarlik eksport amalga oshirildi.
Viloyatda eksport geografiyasini 60 ta davlatgacha kengaytirish, tovarlar nomenklaturasini 38 tagacha oshirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilangan. Ushbu jarayonda “GSP+” tizimi doirasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 17,1 million dollarlik mahsulot yetkazildi. Rossiya Federatsiyasi hozir asosiy eksport bozori bo‘lib, 66 foizlik ulushga ega. Turkiya, Qozog‘iston, Xitoy, Pokiston, Germaniya bilan ham savdo hajmi ortib bormoqda.
Iqtisodiy islohotlar samarasida Namangan sanoati yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025 yil yakunlari bilan viloyatda 970,7 million dollarlik eksportni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Namangan respublikamizning to‘qimachilik sanoat tarmog‘i jadal rivojlangan hududi ekanligidan kelib chiqqan holda, biznes sub’ektlarining aksariyati to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. 805,8 gektar yer maydonga ega bo‘lgan sanoat zonalariga qiymati 8,8 trillion so‘mlik 1 ming 285 ta loyiha joylashtirilgan. Istiqbolli biznes loyihalar to‘la quvvat bilan ishga tushishi hisobiga kelgusida 63 ming 895 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirgi kunga qadar qiymati 6,3 trillion so‘mlik 1086 ta loyiha ishga tushirilib, 56 ming 592 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Mamlakatimiz rahbari tashrif buyurgan Uychi tumanidagi Qumtepa mahallasi hududidagi tashlandiq va chuqur bo‘lgan 3,1 gektar maydonda tashkil etilgan temirchilikka ixtisoslashgan yoshlar kichik sanoat zonasida ilk bosqichda jami 38 milliard so‘mlik 52 ta istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Natijada 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Qumtepa, Dehqon, Balandariq va Jiydakapa mahallalaridagi xonadonlarda usta-hunarmandlarga temir darvozalar, o‘rindiqlar, so‘rilar kabi metalldan turli xildagi buyumlar ishlab chiqarish uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar hozirlandi. Mazkur sanoat zonasida 2024 yil aprel oyidan hozirgi kunga qadar 10 ming 250 ta temir darvoza, 2 ming 852 ta so‘ri, 3 ming 578 tebranma kachela, 585 o‘rindiq, 1 ming 270 naves tayyorlanib ishlab chiqarish hajmi 155 milliard so‘mni tashkil etdi. Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasiga 320 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Viloyatda yana bir e’tiborli yo‘nalish – zamon talabi bo‘lgan muqobil energiya ishlab chiqarish borasida ham bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Pop tumanida davlatimiz rahbari tashrifida start berilgan, Germaniya kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Next Solar” korxonasi tomonidan qiymati 350 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga 500 MVt quvvatga ega bo‘lgan quyosh foto elektrostansiyasini qurish davom etmoqda. Uychi va Norin tumanlarini bir-biriga bog‘lovchi hududda joylashgan Norin daryosida “Norin GESlar kaskadi” qurilishi loyihasi muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishda ulkan inshootdir. Ayni kunlarda bunyodkorlik ishlari qizg‘in olib borilayotgan kaskad oltita GESdan iborat bo‘lib, har birining quvvati 38 MVtni tashkil qiladi.
Prezidentimiz tashrif buyurgan Namangan xalqaro aeroporti keyingi yillarda tubdan o‘zgarib, ayni damda ulkan qurilish maydoniga aylangan. Vodiy “havo darvozasi” hisoblangan tayyoragohda davlat-xususiy sherikchilik asosida keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida yangi terminal, keytering, xo‘jalik binolari qurilib, aeroportning yo‘lovchi terminali quvvati soatiga 1 ming nafarga yetkaziladi. Shuningdek, vodiyda yagona sanalgan “Cargo” tizimi tadbirkorlik, eksport va tranzit salohiyatini oshiradi.
Albatta, bunday katta hajmli ishlarni amalga oshirish birinchi galda iqtisodiy rivojlanish bilan bevosita bog‘liq. Yaqin yillargacha ham dotatsiyada turgan Namangan viloyatining bugungi taraqqiyotida iqtisodiy yutuqlarning ulushi beqiyos. Ta’kidlash joiz, sakkiz yil avval viloyatda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari soni 18 mingta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 38,5 mingga yetdi yoki 2,1 barobarga ko‘paydi. Keyingi yillarda mahalliy va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida investitsiyalar hajmi yildan-yilga ortmoqda.
Xususan, so‘nggi sakkiz yilda 4,8 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, 2017 yilga nisbatan o‘sish 150 barobarga ortdi. Birgina Germaniyaning “Xelaba” banki ishtirokida “Iftixor” kiyim sanoati korxonasi 198 million dollar, Turkiya investorlari tomonidan “Coca-Cola Ichimligi Namangan” xorijiy korxonasi 60 million dollar, Xitoy sarmoyadorlari tashabbusi bilan “Megaton” korxonasi 40 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirdi.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash va infratuzilmani rivojlantirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Qayd etish joizki, 2017-2024 yillarda 19 ming 121 xonadonli 561 ko‘p qavatli uy barpo etildi. Joriy yilda davlat dasturi asosida 8 ming 500 xonadonli 170 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi belgilangan. Shundan 1 ming 712 xonadonli 34 uy “Yangi O‘zbekiston” massivlarida barpo etilmoqda. Bugungi kunga qadar 1 ming 997 xonadonli 46 uy foydalanishga topshirildi. Masalan, Chust tumanidagi Gulzor mahallasida 300 xonadonli 15 ta ko‘p qavatli uy, vrachlik punkti va ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Xalqimiz farovonligini yaxshilash, xususiy tadbirkorlikning keng quloch yoyishi, bandlikni ta’minlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani ishsizlik va kambag‘allik darajasini qisqartirishga imkon yaratdi. E’tiborlisi, 2021 yilda mamlakatimizda ilk bor kambag‘al aholi soni ochiqlanganda, Namangan viloyatida kambag‘allik darajasi 15,7 foizni tashkil etib, 104,5 mingta oiladagi 459,9 ming nafar aholi kambag‘al toifada hisoblangan edi. O‘tgan qisqa davr ichida aholi bilan manzilli ishlanishi natijasida 52,5 mingdan ortiq oilalardagi 222 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Birgina 2024 yil yakuni bilan viloyatda kambag‘allik darajasini 7,6 foizga qisqartirishga erishildi. Joriy yil yakuni bilan esa bu ko‘rsatkichni 4,5 foizga tushirish bo‘yicha aniq dastur asosida ish olib borilmoqda.
[gallery-25320]
Namangan viloyatida turizm infratuzilmasi kengayib, turistik korxonalar va joylashtirish vositalari soni sezilarli darajada oshdi. Yangi lokatsiyalar soni ortib, o‘ziga xos tashrif qog‘ozi yaratilmoqda. Yangiqo‘rg‘on tumanining Nanay va Pop tumanining Chodak qishloqlariga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi. Xalqaro maydonda Namangan brendiga aylangan “Gullar festivali” mazmunan boyligi, ishtirokchilar soni va tashkilotchilik darajasi bilan ham tarixda qolmoqda. Shavkat Mirziyoyevning taklifi asosida 2018 yildan buyon xalqaro miqyosda nishonlanayotgan festival joriy yilda ilk bor 50 kun davom etib, dunyo miqyosidagi muhim voqelikka aylandi. Festival kunlarida 8 trillion so‘mlik savdo va xizmatlar ko‘rsatildi, 100 mingga yaqin fuqarolar mavsumiy ish bilan ta’minlandi. Namanganga 5 milliondan ziyod turist, shu jumladan, 800 mingdan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Umuman olganda, viloyatning birinchi yarim yillikdagi turizm eksporti hajmi 200 million dollarga yetdi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari