French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangilanayotgan Marg‘ilon: zamon va tarix uyg‘unligi (+video)
11:59 / 2026-02-12

Marg‘ilon shahri haqida qadim qo‘lyozmalarda eslatilishicha, u uch ming yillik tarixga ega. Ikki ming yil avval bu yerdan Buyuk ipak yo‘li o‘tgani, shaharda yirik karvonsaroy, Sharq va G‘arb mollari bilan savdo qiluvi hamda mol ayriboshlovchi bozorga ega bo‘lgani bugungacha saqlangan yozma manbalarga qayd etilgan.

O‘zbekiston Prezidenti faoliyatidagi muhim va yorqin jihatlardan biri shu bo‘ldiki, so‘nggi yillarda xalqning sharafli tarixi qayta jonlantirilmoqda. Jumladan, Prezident tashabbusi bilan Marg‘ilon shahrida “Burxoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy turizm majmuasi” bunyod etilyapti. Qisqa vaqt ichida shaharga kiravershida yana bir qadim shahar paydo bo‘ldi. U o‘sha davrlar me’morchiligining eng yorqin namunalarini o‘zida mujassam etgan. O‘ymakor ustunlar, toqili ship, qalam va qoshli tomlar, yanchilgan somon suvoqli devorlar, o‘ymakor koshin va naqshkor g‘ishtlar, minora-yu  ko‘priklar... Bu yerga kelgan odam o‘zini go‘yo ikki-uch ming yil avvalgi zamon – qadim Marg‘ilonda yurgandek sezadi o‘zini.

– Hunarmandchilik markazlari, maqom teatri, Marg‘ilon shahar markaziy muzeyi, ulug‘vor fontan, savdo-sotiq shoxobchalari, restoranlar, ko‘ngilochar maskanlar hamda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”asari qahramonlari Otabek va Kumushga haykal qo‘yilgan marg‘ilonlik qutidorning ramziy xovlisi kabi binolar qad rostlamoqda, – deydi Farg‘ona viloyatining bosh arxitektori Faxriddin Abdulatipov. – Ularni Navro‘z arafasida topshirish niyatidamiz.

Majmuada haligacha O‘zbekistonda muqobili yo‘q teatr binosi qurilyapti. Bu – Maqom teatridir. U to‘rt qavatli aktyor, rejessyor, rassom, dekoratorlar binosi va 500 o‘rinli har bir asbob tovush va xonanda ovozini go‘yo ikki yoqdan tarqalayotgandek tinglash imkonini beruvchi tomoshaxonadan iborat. Marg‘ilonning sharafi hunarmandlik tufayli olamga taraldi. Majmuada 32 ta yo‘nalishdagi 32 ta hunarmand uyi va ustaxonasi qurildi.

Ularning har biri o‘ziga xos me’moriy yechimga ega. Majmuadagi shox ko‘cha ko‘ngilochar maskanlarga yetaklovchi ko‘chalar bilan kesishadi. Bir to‘rida 2500 o‘rinli amfiteatr bo‘lsa, bir yoqda sun’iy ko‘l va musiqali favvoralar shabbodasidan ko‘ngillar bahra oladi.

Shubhasiz, majmuaning sayyohlar uchun eng gavjum joyi – Kumushbibi hovlisi, sevgi tutashtirgan oshiqlar haykallari qo‘yiladigan qutidorning Marg‘iloncha ayvonli ravoqi bo‘ladi.

Marg‘ilonga, ilmiy-tadqiqot va turizm majmuasiga kelganlar uchun mehmonxonalar ham qad rostladi.

– “Hilton” brendi asosida xitoylik investorlar o‘n qavatli mehmonxona qurilishini boshlab yuborishdi, – deydi Faxriddin Abdulatipov. –Bundan tashqari, yana taniqli brendlar asosida binolar qurilmoqda. Masalan, 15 qavatli 5 yulduzli mehmonxonada pardozlash ishlari olib borilyapti. Turkiyalik investorlar va Toshkentdagi shaharsozlik loyiha instituti hamkorligida mavzening yagona qiyofasi ishlab chiqilyapti.  

Majmuaning birinchi bosqichi Navro‘z kunlari dastlabki mehmonlarni qabul qilib oladi. Lekin qurilish ishlari davom ettiriladi. Bu yerda 2000 o‘rinli anjumanlar zali, Burxoniddin Marg‘inoniy ilmiy tadqiqot markazi, 300 o‘rinli fiqxshunoslikka ixtisoslashgan yuridik institut, 1500 o‘rinli maschit binolari bunyod etiladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TfjHUh1K5EQ" title="Yangilanayotgan Marg‘ilon: zamon va tarix uyg‘unligi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat),

O‘zA