O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan To‘rtko‘l tumanida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, tuman Kengashi deputatlari, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar faol ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Mamutov, tuman hokimi o‘rinbosari U.Allabergenov, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari J.Settiyev so‘zga chiqib, bosh qomusimizga kiritilayotgan jamiki o‘zgartirishlar “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi ostida amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat qurishdek ezgu maqsadlar ro‘yobini yoshlar ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Fuqarolik jamiyati – yuksak fazilatga ega bo‘lgan insonlar jamiyatidir. Fuqarolik jamiyati shunday ijtimoiy tuzumki, unda qonunlar ustuvorligi ta’minlanadi, inson huquq va erkinliklari qaror topadi, siyosiy partiyalar va institutlar, mafkura va fikrlarning xilma-xilligi ta’minlanadi, insonga uning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayoti shakllarini erkin tanlash kafolatlanadi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mavqei yuksak bo‘ladi.
Ayniqsa, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlatning eng muhim konstitutsiyaviy vazifalaridan biri bo‘ladi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada alohida modda yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydi. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.
Tadbirda so‘z olgan yoshlar, Yangilanayotgan Konstitutsiyaning yoshlar huquq va manfaatlariga daxldor normalarini har tomonlama tahlil qilgan holda Bosh qomusimizni “Konstitutsiya – yorqin kelajak garovi” deya e’tirof etishga ham barcha asoslar borligini alohida ta’kidladi. Tadbir yakunida barcha yoshlarni bo‘lajak referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir tuman madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturiga ulandi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri