Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil organ sifatida
Qonun ustuvorligini ta’minlash har qanday zamonaviy demokratik davlatning asosi hisoblanadi. Sir emaski, aynan Konstitutsiyada belgilangan ustuvor qoidalar asosida mamlakatda jamiyat, uning siyosiy institutlari va iqtisodiyot to‘liq rivojlanadi.
So‘nggi yillarda sud-huquq tizimini rivojlantirishga qaratilgan jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasida belgilandi. Bu esa, barqarorlik, xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Oxirgi yillarda sud tizimini, sud ishlarini tashkil etishga oid ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etish maqsadga muvofiq. Albatta, har qanday mamlakatda bo‘lgani singari o‘z yechimini kutib turgan masalalar mavjud. Shu bois, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida eng avvalo, sud organlarini fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil organga aylantirish eng muhim vazifa etib belgilandi.
Endilikda Konstitutsiyaviy sud fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarini ko‘rib chiqadi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan fuqarolarning va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqilishini belgilash nazarda tutilmoqda.
Bu nima degani?
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jismoniy va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega emasligiga qaramasdan so‘nggi yillarda ular tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, 2013-2018 yillarda Konstitutsiyaviy sudga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 2 ming 650 ta murojaat kelib tushgan.
Bu esa, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlari ustidan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirishda ishtirok etishga bo‘lgan talab va ehtiyoj yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda, xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat davlatlarda, xususan, Fransiya, Yaponiya, Chexiya, Serbiya, Vengriya, Polsha, Latviya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarda jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlarining konstitutsiyaga mosligini aniqlash hamda konstitutsiya va qonun normalariga sharh olish uchun masalalar kiritish huquqiga ega.
Sudyalar korpusini shakllantirish alohida organ tomonidan amalga oshiriladi
Nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, sudyalarning mazkur jarayondagi ishtirokini kengaytirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan organning maqomi hamda vakolatlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi.
Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyati organi sifatida sud hokimiyatining mustaqilligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsipga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashmoqda.
Sudyalar oliy kengashi uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasiga binoan Senat tomonidan tasdiqlanadigan Kengash raisi va ko‘pchilikni tashkil etuvchi sudyalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi malakali mutaxassislardan iborat bo‘ldi.
Sudyalar oliy kengashiga sudyalik lavozimlariga malakali mutaxassislar orasidan ochiq va shaffof tanlov asosida sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalar daxlsizligi buzilishini va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, nomzodlar va sudyalarning kasbiy tayyorgarligini tashkil etish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish vazifalari yuklatilgan.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 111-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining sud korpusi shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlovchi mustaqil organidir” degan konstitutsiyaviy norma kiritilmoqda.
Bu bilan sudyalardan iborat sud korpusini shakllantirish, xususan nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash masalasi konstitutsiyaviy darajada belgilanadi.
Valisher DAVLYATOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi
mudiri, PhD.
O‘zA