Har qanday davlat va jamiyatdagi fuqarolarning huquq va burchlari, majburiyat va erkinlarini o‘zida mujassam etgan qonunlar majmuasi – Konstitutsiyadir.
Bugun Yangi O‘zbekiston g‘oyat mas’uliyatli siyosiy jarayon – Konstitutsiyani yangilash ostonasida turibdi. Boisi, har qanday qonun yillar davomida o‘zgarib, takomillashib bormog‘i zarur. Shu ma’noda, endilikda eng avvalo inson shaxsiyati, xalqning fikri va orzulari inobatga olinib, ko‘p millatli xalqimiz, undagi fuqarolarning qadr-qimmati bosh mezon qilinishi yangilanayotgan Konstitutsiyamizning nufuzi va ahamiyatini yanada oshirayotir.
bugungi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotidan toritib o‘rta va oliy ta’lim muassasalarigacha barcha joylarda, mahallalarda siyosiy vakillar, keng jamoatchilik, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz jipslashib, Konstitutsiyaviy referendum oldidan turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Quvonarlisi, “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya – o‘zimizniki!” bosh g‘oyasi – xalqning so‘zi, odamlarimizning ertangi kunga bo‘lgan umid va ishonchini o‘zida ifoda etmoqda.
O‘tkazilayotgan tadbir va uchrashuvlarni ta’lim rahbari sifatida kuzatar ekanman, o‘qituvchilarimiz yuz-ko‘zidagi quvonch va umid menga o‘zgacha ruh bag‘ishlamoqda. Chunki ular yangilanayotgan Qomusimizda ta’lim sohasiga bo‘lgan imkoniyatlarning qonun bilan mustahkamlab qo‘yilishidan mamnun.
Xalqning erkinliklari kafolati bo‘lgan, ularning fikri asosida yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 50- va 52-moddalarida jamiyatimizda o‘qituvchining maqomi va o‘rniga bag‘ishlangan alohida moddalar kiritilayotgani endilikda “Ustoz” kalomining faqatgina badiiy jumlalarda balandparvoz ibora bo‘lib qo‘llanilishi bo‘lib qolmay, uning sha’ni va qadr-qimmati baland bo‘lgan, kelajak avlodni barkamol shaxs, komil inson qilib tarbiyalovchi ustoz-pedagoglarimizning o‘rni va kasbiy o‘sishiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi mujassamlashganini ta’kidlash lozim.
Bundan xulosa shuki, endi o‘qituvchi hokimlik va ijro etuvchi bo‘g‘inning “yordamchi kuchi” emas, u jamiyatda faol pozitsiyasiga ega bo‘lgan, o‘z haq-huquqlari davlat tomonidan kafolatlangan shaxs sifatida gavdalanadi.
Hech shubhasiz aytish mumkinki, o‘qituvchi-pedagoglarga yangilanayotgan Bosh qomusimizda alohida e’tibor qaratilayotganini, uning huquqlari to‘la-to‘ks kafolatlanganini va jamiyat buning mevasini albatta ko‘rajagiga iymonim komil.
Feruza SOLIEVA,
Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi
boshqarmasi boshlig‘i, Xalq deputatlari
Jizzax shahar Kengashi deputati
O‘zA